Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
Bugun yurtimizda ham farzandlar taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu borada xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlar ham chetda turgani yoʻq.
Xalqimizda “Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir”, degan ibratli gap bor. Darhaqiqat, mutaxassislarning fikricha, inson oʻz umri davomida oladigan barcha axborotning 70 foizini 5 yoshgacha boʻlgan davrida olar ekan. Bundan koʻrinadiki, farzand tarbiyasida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oʻrni va rolini taʼkidlashning hojati yoʻq.
Bugun yurtimizda ham farzandlar taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu borada xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlar ham chetda turgani yoʻq.
“TRIUMF PARADOKS” MCHJ rahbari, xalq deputatlari Navoiy shahar kengashi deputati Surʼat Sharipov ham deputatlik faoliyatining ilk kunlaridan boshlab uzluksiz taʼlim va tarbiyani maktabgacha taʼlim tizimidan boshlash zarurligini taʼkidaydi.



Shu maqsadda deputat tashabbusi bilan Navoiy shahridagi “Orzu” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 32-maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbariyati bilan hamkorlikda harbiy sohaga yoʻnaltirilgan “Alpomish” guruhi tashkil etildi. Mashgʻulotlar haftaning har juma kuni vatanparvarlik mashgʻulotlari harbiy soha vakillari tomonidan olib borilmoqda.
– Prezidentimiz Oliy Majlisga murojaatnomasida “Har bir deputat oʻz hududida yashayotgan aholi muammolarini yechishda faol ishtirok etishi, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashi kerak. Shunda deputatlar oʻz saylovchilariga bergan vaʼdalari ustidan chiqadi, xalqning ishonchini oqlaydi, mehrini qozonadi”, deya alohida taʼkidlagan edi, – deydi 32- “Toʻmaris” maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Nilufar Poʻlatova.
– Hududimizdan saylangan deputatimiz Surʼat Sharipov tomonidan bolajonlarimiz taʼlim-tarbiyasi uchun bir qator qulaylik va sharoitlar yaratib berilmoqda. Deputat tashabbusi bilan karantin davrida Navoiy viloyati maxsus ekspluatatsiya-montaj boʻlimi va shahar IIB YXXB mutaxassislari bilan xamkorlikda yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatuvchi maxsus maydoncha bunyod etildi. Endi tarbiyachilar bolajonlarga mashgʻulotlar davomida yoʻl harakati qoidalari boʻyicha dastlabki nazariy tushunchalarni amaliyot bilan bogʻlagan holda olib borishadi. Bu esa yosh avlodning yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha bilimlarini yana-da oshirishga xizmat qiladi.



Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus doirasida bogʻchamizda alohida bogʻ tashkil etildi.
– Shuni alohida taʼkidlash kerakki, keyingi yillarda deputatlarimizning saylovchilar orasidagi obroʻ-eʼtibori oshib bormoqda. Darhaqiqat, agar deputatni el-yurtning tashvishu muammolari qiziqtirmasa, mavjud muammolarni hal etishda bilim va tajribasi yetarli boʻlmasa, u deputat sifatida xalqning hurmat-eʼtiborini qozona olmaydi, – deydi mahalla raisi Furqat Gulnazarov. – Bu haqiqatni toʻgʻri anglagan deputat S. Sharipov tomonidan yaqinda yana bir yangi loyihaga qoʻl urildi. Mazkur bogʻchada karantin davridan unumli foydalangan holda shaxmat-shashka maydonchasi bunyod etildi.
Endi tarbiyalanuvchilar aqliy salohiyatlarini yana-da shakllantirish maqsadida karantin tugaganidan keyin katta maydonda sportning ushbu turi bilan shugʻullanishlari mumkin boʻladi. Shuningdek, deputat pandemiya davrida 3 nafar ishsiz xotin-qizlarni ish bilan taʼminladi.
Darvoqe, S.Sharipov pandemiya davrida xalqimizga qilgan xolis xizmatlari uchun “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.