Yoshlar uchun ish eshiklari ochildi
Sirdaryo IES da Shirin energetika texnikumining bitiruvchi yoshlari uchun «Ishga marhamat» yarmarkasi tashkil etildi. «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda yoshlar korxonadagi ish jarayoni, mehnat sharoiti va energetika sohasidagi kasbiy imkoniyatlar bilan tanishishdi.
Tadbirda bitiruvchilar ish beruvchi va soha mutaxassislari bilan bevosita muloqot qildi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, mutaxassislik bo‘yicha ishlash uchun zarur bilim va ko‘nikmalar, korxonadagi talablar hamda kasbiy o‘sish imkoniyatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Tadbirda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva, Sirdaryo IES rahbari Baxrom Sobirov, partiya viloyat Kengashi raisi o‘rinbosarlari — fermer Bahodir Kenjayev va tadbirkor Gulchehra Jonjigitovalar ishtirok etishdi.

Yoshlar Sirdaryo IES faoliyati bilan tanishish asnosida korxonada mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar bilan ham suhbatlashdi. Muloqotda energetika sohasida ishlashning o‘ziga xos jihatlari, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni muntazam oshirib borish, ish jarayonida tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

— Bugun korxonadagi ish jarayonini bevosita ko‘rib, o‘zimiz qiziqqan savollarga mutaxassislardan javob oldik. Bu nazariy bilimlarimizni amaliyot bilan bog‘lash va kelgusida qaysi yo‘nalishda ishlashimizni belgilab olish uchun yaxshi tajriba bo‘ldi, — deydi tadbir ishtirokchisi Asalxon Isroiljonova.

Muloqot davomida bitiruvchilarni bandlikka yo‘naltirish, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish hamda mehnat bozori talablariga moslashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Ta’lim muassasasi va ish beruvchi o‘rtasidagi bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yoshlarga ishga joylashishdan oldin real mehnat muhiti bilan tanishish, kasb talablarini yaxshiroq anglash va o‘z imkoniyatlarini baholashga yordam beradi. Ish beruvchilar uchun esa kelgusida jamoaga jalb etilishi mumkin bo‘lgan yosh kadrlar bilan tanishish imkonini beradi.

«Ishga marhamat» yarmarkasi doirasidagi uchrashuvlar bitiruvchilarning kasbiy salohiyatini namoyon etishi, mehnat bozoridagi talablarni anglashi va kelgusi faoliyatini belgilashi uchun amaliy muloqot maydoni bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri