Yoshlar uchinchi renessans poydevori bo‘ladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotda Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini ko‘rayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, “Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi? Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar”, deya yoshlarga katta ishonch bildirdi.

Shuningdek, yurtboshimiz ko‘plab yoshlar turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotganligini ta’kidlab, shunday dedi: “Hozirgi vaqtda dunyodagi “top” oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik. Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi global darajada eng nufuzli nominatsiyada g‘olib deb topildi.
Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda”.
Muloqotda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar qilinayotganligi aytib o‘tildi. Birgina “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Oxirgi 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini yoshlar tashkil etmoqda.
Ilgari oliy ta’limda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davr ichida oliygohlar soni 3 barobar oshirilib, yoshlarni oliy ta’lim tizimiga qamrab olish 42 foizga yetdi. Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni ham 11 karra ko‘paydi. Qolaversa, ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 barobar oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarini o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi.
Bo‘lib o‘tgan muloqot davomida Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan 3 ta katta hujjatga ham imzo chekkanini e’lon qildi.
Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi.
Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Ikkinchi qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs beriladi.
Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, “Aloqabank” yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi.
Bank o‘zini-o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.
Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.
Andijon davlat universitetida davlatimiz rahbari yuqorida aytib o‘tgan yo‘nalishlarda o‘tgan yil davomida tizimli ishlar olib borildi. Natijada OTM +S xalqaro reyting tashkilotining Osiyo reytingidan, shuningdek, +S xalqaro reyting tashkilotining Osiyo reytingida TOP 801-850 dan joy oldi, Markaziy Osiyo universitetlari reytingida 55-o‘rinni egalladi.
Talabalarimiz Zulxumor Karimova Avstraliyaning Makkuori universitetining, Ravshanbek Rahmatullayev Malayziya davlatining UCSI universitetining magistratura bosqichida o‘qish uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi granti sohibi bo‘ldi.
Qoraqalpog‘istonda matematika fani bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II Xalqaro olimpiadada universitetimiz talabalari Jamshidbek Hasanov hamda Akbarjon Muhammadjonov oltin, Dilshoda Muzaffarova bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Ayni kunda talabalarimiz orasida Prezident va nomli davlat stipendiyalari sohiblari, nufuzli tanlov va olimpiadalar g‘oliblari safi tobora ortib bormoqda. Jumladan, o‘tgan o‘quv yilida bir nafar talabamiz Prezident, 10 nafari nomli davlat stipendiyasi, 1 nafar talabamiz “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi.
Bundan tashqari, ko‘plab sportchi talabalarimiz Olimpiya, Jahon va Osiyo o‘yinlari hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan yili 7 nafar talabamiz jahon, 9 nafari Osiyo chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Xalqaro musobaqalarda 29 nafar talabamiz g‘oliblar qatoridan joy oldi.
San’at sohasida 7 nafar talabamiz xalqaro ko‘rik-tanlovlarda munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Prezidentimizning yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi har bir so‘zi, tashabbusi bizni yanada faol bo‘lishga ilhomlantiradi. Xususan, yoshlar bilan muloqotda belgilab bergan vazifalar ijrosini ta’minlash, talabalarimizga sifatli, xalqaro talablar darajasida ta’lim berish, ularni vatanparvar, yurt ishiga fidoiy insonlar qilib tarbiyalash yo‘lida bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Talantbek Madumarov,
Andijon davlat universiteti 1- prorektori,
yuridik fanlar doktori, professor.
O‘zA