Yoshlar tashabbuslarini qo‘llash – davr talabi
Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan muloqotda bo‘ldi.
Suhbatda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan yangi reja va maqsadlar hamda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi vazifalar ko‘rib chiqildi.
Avvalo, yoshlar tashabbuslarini mahallalarda qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, yoshlar yetakchilarining takliflari, mahallalardagi vaziyat atroflicha muhokama qilindi. 2023 yilda tizimda yo‘l qo‘yilgan ayrim muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish lozimligi aytib o‘tildi.

– 2024 yilda viloyat bo‘yicha 100 ming nafar yoshga “Ibrat Academy” ilovasi orqali til o‘rgatishga kelishib olindi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Mirsultonov. – Shuningdek, o‘g‘il-qizlarni hunarga o‘rgatish choralarini ko‘rish, bitiruvchi yoshlarni mehnat bozoridagi talab yuqori bo‘lgan sohalarga jalb qilish borasida qator vazifalarni belgilab oldik. O‘ylaymanki, yil boshidan marrani baland olib ishni tashkil qilsak, natija ham shunga yarasha bo‘ladi.
Muloqotda mahallalarda yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri