Yoshlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
O‘rta Chirchiq tumanida yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammo va takliflarini o‘rganish maqsadida "Rahbar va yoshlar" ochiq muloqoti o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, DXX Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘afur Ahmedov, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, bank-moliya muassasalari mas’ullari hamda tuman va shaharlardan kelgan faol yoshlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda yoshlarning biznes g‘oyalari, innovatsion loyihalari va tashabbuslari taqdimot qilindi. Ishtirokchilar ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va boshqa sohalarga oid loyihalarining mazmun-mohiyati, iqtisodiy samaradorligi va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda yoshlar o‘z loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar, jumladan, imtiyozli kredit olish, davlat dasturlari doirasida qo‘llab-quvvatlanish, zarur maslahat va amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan murojaat qildi.
Murojaatlar mas’ul rahbarlar ishtirokida ko‘rib chiqilib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi. Loyihalarni moliyalashtirish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan manzilli ish olib borish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, tadbir doirasida yoshlarning texnik ishlanmalari, startaplari, ixtiro va ratsionalizatorlik g‘oyalaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada sanoat, robototexnika, raqamli texnologiyalar, muhandislik va boshqa yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan loyihalar namoyish etildi.

Ochiq muloqotda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, tadbirkorlik va bandlik masalalarida amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
A. Musayev, O‘zA