Yoshlar taqdiriga daxldor masala
Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bugun faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldidagi vazifa emas. Bu – millat genofondi, yoshlar kelajagi va jamiyat xavfsizligi bilan chambarchas bog‘liq masala. Shu bois mamlakatimizda bu illatga qarshi kurashish jazo muqarrarligini ta’minlash bilan cheklanmay, avvalo, uning ildizini quritishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish orqali amalga oshirilmoqda.
Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi ishchi guruhi Jizzax davlat pedagogika universitetida narkojinoyatlarning oldini olish hamda psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga muddatidan oldin barham berish yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi.

O‘rganishlar oddiy tanishuv bilan cheklanmadi. Universitetda yo‘lga qo‘yilgan profilaktika tizimi samaradorligi har tomonlama tahlil qilinib, profilaktik murojaat qutilarining =olati, profilaktika inspektorlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishida 2025–2026 o‘quv yili davomida bajarilgan chora-tadbirlarning natijadorligi atroflicha baholandi. Bu orqali mavjud tajribaning samarali jihatlari bilan birga, yanada takomillashtirishni talab etadigan yo‘nalishlar ham aniqlab olindi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yoshlarni tahdidlardan asrashda ta’sirchan profilaktika, huquqiy targ‘ibot va manzilli yondashuv eng muhim omillardan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, agentlik mutaxassislari tomonidan yangi 2026–2027 o‘quv yilida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya hamda amaliy maslahatlar berildi. Xususan, profilaktika ishlarini yanada manzilli tashkil etish, xavf omillarini erta aniqlash va yoshlar bilan tizimli muloqotni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.


Jizzax davlat pedagogika universitetida o‘tkazilgan mazkur o‘rganish ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Zero, giyohvandlikka qarshi eng samarali kurash uning oqibatlarini bartaraf etishdan emas, balki har bir yoshning ongida unga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirishdan boshlanadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri