“Yoshlar ovozi” — iste’dodlarni kashf etayotgan katta sahna
FOTOREPORTAJ
Yurtimizda yoshlarning iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday yirik loyihalardan biri — “Yoshlar ovozi” tanlovi bo‘lib, u ko‘plab yosh iste’dod egalari uchun katta sahnaga yo‘l ochmoqda.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilayotgan mazkur tanlov yoshlarning san’at va ijodga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning iqtidorini namoyon etish hamda yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim maydonga aylanmoqda.
[gallery-29513]
“Yoshlar ovozi” tanlovining Namangan viloyati bosqichi ham yuqori saviyada tashkil etildi. Unda viloyatning turli hududlaridan kelgan 150 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ishtirok etib, o‘z ijodiy mahoratini namoyon qildi. Mahalla, sektor hamda tuman-shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar viloyat bosqichida bir sahnada jam bo‘lib, san’atga bo‘lgan mehri va ijodiy salohiyatini ko‘rsatdi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilar milliy va zamonaviy qo‘shiqlar ijrosi, sahna madaniyati hamda ijodiy yondashuvlari bilan hakamlar hay’ati va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, yoshlarning sahnadagi ishonchi, puxta tayyorgarligi va ijodga intilishi bellashuvning qizg‘in va murosasiz ruhda o‘tishiga xizmat qildi.
“Yoshlar ovozi” nafaqat iqtidorlarni kashf etayotgan, balki yoshlarni ezgu maqsadlar sari ruhlantirib, ularni birlashtirayotgan muhim loyiha sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda. Bunday tanlovlar orqali ertangi kun san’atkorlari va ijodkorlari kamol topayotgani quvonarlidir.
Shubhasiz, “Yoshlar ovozi” sahnasida porlayotgan yosh iste’dod egalari kelgusida mamlakatimiz madaniyati va san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shadigan ijodkorlarga aylanadi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA