Yoshlar harbiy xizmatga kuzatildi
Vatanni asrash va himoya qilish chinakam mard insonning sharafli burchi hisoblanadi. Mamlakatimizda ham bu boradagi ezgu qadriyatlar bardavomligini ta’minlash doimiy e’tiborda.
Shunga ko‘ra, Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan 207 nafar yoshni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kuzatishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Faxriddin Dovruqov ona Vatan hamda xalq oldidagi yigitlik burchini sadoqat bilan o‘tash uchun jo‘nab ketayotganlar zabardast o‘g‘lonlarni tabriklab, esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini Vataniga sodiq, harbiy xizmatga har tomonlama tayyor bo‘lgan fuqarolar bilan butlash, ular tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi va sharoitlarini, qo‘shinlarning davlatning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishga doimiy jangovar shayligini ta’minlash kabi mavzularda fikr-mulohazalar bildirildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA