Yoshlar gazetasi grant yutib oldi
“Buxoro yoshlari” gazetasi tahririyati Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan 60 million so‘m grant mablag‘lariga ega bo‘ldi.
Shu munosabat bilan Yoshlar markazida “Sog‘lom hayot–baxtli kelajak” loyihasi rejalari bilan tanishtirish va kelgusidagi jarayonlar haqida batafsil tushuntirish maqsadida matbuot anjumani tashkil qilindi.

– “Buxoro yoshlari” tahririyati doimiy gazetani nashr ettirish ishlaridan tashqari, turli tadbiru tanlovlarda ishtirok etishga ham ulguradi, – deydi Yoshlar ishlari boshqarmasi Axborot tahlil va ijro nazorati bo‘yicha bosh mutaxassis Sherzod Narzullayev. –Gazeta jamoasi bugun katta bir loyihaning boshida turibdi. Ishonchim komilki, loyiha doirasida o‘tkazilishi kutilayotgan tadbirlar fayzli va samarali bo‘ladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Kreativ tarzda o‘tgan matbuot anjumanida interfaol o‘yinlar ham tashkil etildi.


– Buxoro viloyati sport boshqarmasi yil yakuniga qadar yoshlar o‘rtasida ko‘plab loyiha va uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan, –deydi viloyat sport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Gulmira G‘ulomova. –Tahririyat loyihasi ham aynan yo‘nalishimizga mosligi tufayli hamkorlikda ish olib boramiz. Birgalikda yana rejalar tuzib, hali yuzaga chiqmagan iqtidor va iste’dod egalarini izlab topamiz.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri