Yoshlar doimiy e’tibordan minnatdor
Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bir guruh yoshlar taqdirlandi.
Yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi o‘rinbosari Nasibullo Mo‘minov, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Feruz Ablyarov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish, muammolarini bartaraf etishga qaratilgan, ayniqsa, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Dastlab yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha respublika Ishchi guruhi tashrifi doirasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar aks etgan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan yordam olgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun Yoshlar ishlari agentligi Andijon shahar bo‘limiga, Andijon shahridagi sektor rahbarlariga to‘lov vaucherlari tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-9271]
– Mahallamizdagi yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan muddatli harbiy xizmatni o‘tashim uchun to‘lanadigan to‘lov Yoshlar ishlari agentligi jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladigan bo‘ldi, – deydi Andijon shahar Yangi turmush ko‘chasida yashovchi Muzaffar Qilichev. – Biz yoshlar ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun yurtboshimizdan minnatdormiz.
Umuman “Yoshlar daftari” jamg‘armasi tomonidan daftarga kiritilgan 200 nafar yigit-qizning muddatli harbiy xizmatni o‘tashi, haydovchilik guvohnomasini olishi va boshqa bir qator yo‘nalishlardagi xarajatlari qoplab berildi.
Tadbir ishtirokchilari Andijon shahridagi Ahmad Yassaviy mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Davronbek Farmonov faoliyati misolida yoshlar yetakchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Yusuf Absoatov viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining kontrakt to‘lovlari qoplab berilayotgan yoshlarni taqdirladi. Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashevga to‘lov summasi ko‘rsatilgan vaucherni topshirdi.
O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Doniyor Rustamov bir qator umumta’lim maktablariga kompyuter sotib olish uchun mablag‘ ajratilganligi haqidagi vaucherni Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbariga topshirdi.
Taqdirlash tadbiri yakunida san’atkorlar tomonidan badiiy dastur namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA