Yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi
FOTOREPORTAJ
Namanganda Davlat xavfsizligi xizmati viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu asosda Namangan davlat universiteti huzurida Yoshlar muammolarini o‘rganish va tahlil qilish markazi faoliyatini boshladi.
Markaz tomonidan dastlab Uychi tumanining 53 ta mahallasida 1200 nafardan ziyod yosh o‘rtasida sotsiologik so‘rov o‘tkazilib, 500 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz bilan suhbatlashildi. Shuningdek, 100 dan ortiq ob’ekt faoliyati o‘rganilib, aniqlangan muammolar yuzasidan amaliy yechimlar ishlab chiqildi.
[gallery-31697]
Qumtepa, Fayzobod va Jiydakapa mahallalarida norasmiy band bo‘lgan 600 nafar hunarmand yoshni kasbga o‘qitish va daromadini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Ularning mehnat faoliyatini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali 500 nafardan ziyod yoshning rasmiy bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyasini kengaytirish ko‘zda tutildi.
Mahallalarda “Yoshlar qahramoni”ni aniqlash tashabbusi natijasida 150 nafardan ziyod iste’dodli va lider yoshlar aniqlandi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi doirasida “Sayyor sud”lar, xavf guruhidagi yoshlar bilan uchrashuvlar, jazoni ijro etish muassasalariga tashriflar hamda teatrning sayyor spektakllari tashkil etildi.
Norin tumanida ham yoshlar bilan ishlashning samaradorligini oshirish maqsadida tashkiliy-boshqaruv, bandlik va tadbirkorlik, yoshlar siyosati, sog‘liqni saqlash, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi, oila va ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma hamda huquqbuzarliklar profilaktikasini qamrab olgan 9 ta yo‘nalish o‘rganildi.
Norin tajribasi asosida mahalladagi holatni o‘rganish, mavjud muammolarni raqam va faktlar asosida tahlil qilish hamda ularning amaliy yechimlarini ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Shu tariqa, yoshlar bilan ishlashda bandlik, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va huquqbuzarliklar profilaktikasi kabi yo‘nalishlar o‘zaro bog‘liq holda o‘rganilib, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda amaliy chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA