Yoshlar bandligini ta’minlash ustuvor vazifa
Bugun yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlariga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu borada Uchquduq tumanida ham keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Bugungi kunda tumanda 8339 nafar 14-30 yoshdagi yigit-qizlar bo‘lib, 2025-yil davomida ular bilan olib borilgan ishlar samarasi o‘laroq, barcha yo‘nalishlarda, xususan, ularning bandligini ta’minlash borasida ijobiy natijalarga erishildi. Tuman hokimligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanmoqda.

2025-yilning noyabr-dekabr oylarida ishsiz yoshlar balansi shakllantirildi. Unga ko‘ra, har bir mahalla va ovul fuqarolar yig‘ini bo‘yicha “Yoshlar bandlik dasturi” ishlab chiqilib, ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. 121 nafar ishsiz yosh 13 nafar rahbarga biriktirib, ular bilan individual ishlar olib borildi.

Tuman hokimi Uchqun Yelmuratov rahbarligida yig‘ilish o‘tkazilib, jarayonda qolayotgan 22 nafar yoshning bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi. Unda 16 nafar yosh ishtirok etib, 4 nafarining masalasi ijobiy hal etildi. Qolgan yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning muammolarini bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Jumladan, Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Zokirjon Hazratqulovga Shimoliy kon boshqarmasiga ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanma berilgan bo‘lsa, Yo‘lchilar ovulida yashovchi Shalola Ro‘ziqulova va Navoiy mahallasida yashovchi Muhayyo Abdullayeva xususiy sektorga ishga joylashtirildi.
Shuningdek, “Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi “Ko‘mak” loyihasi doirasida Anvar To‘rayevga 130 million so‘m miqdorda ssuda ajratildi. “Kelajak” yoshlar markazida “Formula & Fluency” o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkor 5 ta ish o‘rni yaratgan. Mazkur o‘quv markazida 200 nafardan ortiq yosh chet tillarini o‘rganmoqda.

Iftixor mahallasida yashovchi Gulchehra Bahromova ham o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, unga ham 130 million so‘m ssuda ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, hujjatlar respublika markaziy apparatiga taqdim etilgan.
Uchquduq tumanida yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar davom etmoqda. Bu yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, pirovardida hudud taraqqiyotiga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri