Yosh zamonaviy beshkurashchilarimiz Osiyo chempionatida 4 ta medalni qo‘lga kiritdi
Indoneziyada zamonaviy beshkurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Qit’a birinchiligida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 1 ta oltin va 3 ta kumush medalga ega chiqdi.
Musobaqaning U17 yosh toifasida qatnashgan terma jamoamiz a’zosi Mehriniso Qahramonova yakkalik bahslarida barcha raqibalaridan ustun kelib, Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, quyidagi sportchilarimizdan Samira Abzalova (U19), Muhammadamin Sultonbekov / Mehriniso Qahramonova (U17, mikst), Mehriniso Qahramonova, Sabina Yo‘ldosheva, Muzayana Murataliyeva (jamoaviy) bellashuvlarda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish joiz, mazkur natijalar mamlakatimizda zamonaviy beshkurash sportini rivojlantirish, yosh iste’dodlarni saralab olish va ularni xalqaro musobaqalarga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Javohir Toshxo‘jev, O‘zA