Yosh tennischilarimiz xalqaro musobaqalar finalida
Qozog‘iston va Tojikistonda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda yosh tennischilarimiz final bosqichiga yo‘l oldi.
Jumladan, Ostona shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan J300 tasnifidagi «Astana Open» turnirining juftlik bahslarida hamyurtlarimiz Akmal Abdullayev va Danila Kvasov final yo‘llanmasi uchun kechgan uchrashuvda turkiyalik Kaan Ishik Kosaner hamda germaniyalik Patrik-Valentin Moyzeni 6:4, 1:6, 10:6 hisobida mag‘lub etdi. Endi tennischilarimiz hal qiluvchi bahsda Janubiy Koreya vakillari Kim Txe U va Cho Min Xyok juftligiga qarshi kortga chiqadi.
Dushanbe shahrida o‘tayotgan J60 turkumidagi «Prezident kubogi — 2026» turnirining juftlik bahslarida esa hamyurtimiz Sarvar Atabayev va rossiyalik Yegor Yelxovskiy finalga yo‘l oldi. Ular yarim finalda yana bir vakilimiz Hamidjon Mansurov hamda qozog‘istonlik Atay Aseinov juftligini 6:3, 6:2 hisobida mag‘lub etdi.
Shu tariqa, Sarvar Atabayev va Yegor Yelxovskiy bosh sovrin uchun o‘tadigan final bahsida tojikistonlik Somon Amonov hamda belaruslik Matvey Jarin juftligi bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA