Yosh tadbirkorlarga sertifikatlar
“Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” respublika tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” respublika tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, tadbirkorlar, ayniqsa, ishbilarmon yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish va yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va tijorat banklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 280 nafar yigit-qiz sanoat, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, servis xizmati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z biznes loyihalari bilan ishtirok etdi.
Tanlov doirasida qatnashchilar uchun uch kunlik o‘quv-seminar tashkil etilib, turli yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar, tajribali tadbirkorlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi. Yoshlarning ishbilarmonlik sohasi bo‘yicha bilimi, o‘z biznes rejasini taqdim qilishdagi mahorati baholandi. Taklif etilgan biznes rejaning iqtisodiy ko‘rsatkichi, loyihaning samaradorligi hamda uning kredit maqsadlariga nechog‘li muvofiqligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘n nafar yigit-qiz tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini beradigan yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
O‘rta Chirchiq ijtimoiy-iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi Musajon Farhodov ulardan biri.
– Tumanimiz, xususan, To‘ytepa shahrida non va non mahsulotlariga talab katta, – deydi u. – “Non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish” nomli biznes rejani ishlab chiqishda shu jihatlarni inobatga oldim. Hammasi o‘ylaganimdek bo‘lsa, “Musonur baraka” xususiy korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yaman. Tadbir doirasida tashkil etilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda olgan bilim va ko‘nikmalarim bu boradagi ishlarni maromiga yetkazib uddalashimda asqotishiga ishonaman.
Mutaxassislar tomonidan tavsiya qilingan qirq ishtirokchiga biznes loyihasi uchun imtiyozli kredit olish imkoniyatini beruvchi sertifikatlar topshirildi.