Yosh shifokorlarning tashabbuslari tinglandi
Poytaxtimizda sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ishtirokida tibbiyot tizimidagi yosh rahbar va shifokorlar, shuningdek, talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Anjumanda sohadagi minglab yoshlar, xususan, chet elda tahsil olayotgan yigit-qizlar qatnashdi. Yoshlarning tashabbuslari tinglandi. Yakunlanayotgan yilda erishilgan natijalar sarhisob qilindi. Shuningdek, kelgusi 2024 yilda tibbiyot tizimida yoshlar bilan bog‘liq amalga oshiriladigan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
– 2023 yil o‘zbek tibbiyotida yoshlarga berilgan keng imkoniyatlar bilan ham esda qolarli bo‘ldi, – deydi Amrillo Inoyatov. – Xususan, joriy yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi va Buxoro davlat tibbiyot institutlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi. Yurtimizdagi qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari xorijda o‘z vakolatxonalarini ochdi. O‘zbekiston tibbiyot ta’limida ilk bor hamshiralarga oliy ta’lim beruvchi Hamshiralar akademiyasiga asos solindi. Uning tarkibida Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti bilan qo‘shma fakultet tashkil qilindi. Ilk bor talabalarga “Sog‘liqni saqlash vaziri stipendiyasi” joriy qilindi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida muhim transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Avvallari faqatgina chet elda bajarilgan yuqori texnologik operatsiyalar nafaqat Toshkentda, balki viloyatlar markazlari, hatto, tumanlar darajasida bajarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Milliy tibbiyotimiz tarixida ilk bor robotoxirurgik amaliyotlar tatbiq etildi. Mana shu yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarida aynan siz kabi yoshlarning ham faol ishtiroki meni quvontirmoqda.

Ochiq muloqotda qayd etilishicha, o‘tgan vaqt davomida yosh iqtidorli shifokorlarning oylik maoshlariga 1 million so‘mdan qo‘shimcha ustama berilishi, olis va chekka hududlarda faoliyat yuritish uchun borgan mutaxassislarga har oyda 2 million so‘mdan qo‘shimcha maosh, uy-joy berilib, klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinishi hamda fan nomzodlarining oylik maoshlariga 30 foiz, fan doktorlariga 60 foizgacha qo‘shimchalar to‘lanishi joriy etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari kabi, tibbiyot tizimida ishlayotgan IELTS, TOEFL va unga tenglashtirilgan til sertifikatlariga ega bo‘lganlarni har oyda 1 million so‘m miqdorida rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etiladi. Yoshlar orasida (30 yoshgacha) doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan har bir ilmiy izlanuvchiga va uning ilmiy rahbariga 30 million so‘mdan pul mukofoti beriladi. Agar izlanuvchi ayol kishi bo‘lsa, 50 millilon so‘m berilishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA