Yosh shaxmatchilar qo‘llab-quvvatlanmoqda
“Kitob olami” majmuasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Yosh shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Dalatimiz rahbarining 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yosh shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab barcha tuman va shahar ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralarda faoliyat olib borayotgan yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida turli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, "aql gimnastikasi" hisoblangan shaxmat sport turiga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z ustida ishlashi uchun sharoitlar yaratish, kelgusida jahon arenalarida munosib natijalar ko‘rsatuvchi sport ustalarini tayyorlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yurtimizning yosh, iqtidorli shaxmatchilari Umida Omonova va Humoyun Bekmurodovlarga bosh homiy biriktirilishi rejalashtirilmoqda.

Matbuot anjumani davomida o‘zbek shaxmati sarhisobi yuzasidan videorolik namoyish etildi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda “BMB TRADE GROUP” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulovning O‘zbekistonda yosh shaxmatchilarga homiylik ko‘rsatish va ularni doimiy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi ma’ruzalari tinglandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA