Yosh profilaktika inspektorlari ish boshladi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tizimiga yana 20 nafar yoshlar inspektorlik vazifasiga ishga qabul qilindi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tizimiga yana 20 nafar yoshlar inspektorlik vazifasiga ishga qabul qilindi.
Shu munosabat bilan Respublika ichki ishlar vazirligi qoshidagi Jizzax akademik litseyida xizmatga qabul qilingan profilaktika inspektorlari, ularning ota-onalari va ichki ishlar ishlar boshqarmasi rahbarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirda yurtimizda jamoat xavfsizligini taʼminlashda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar bu sohada profilaktika inspektorlari zimmasiga katta masʼuliyat yuklanganligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda sohaning tajribali xodimlari yangi qabul qilingan profilaktika inspektorlariga murabbiy qilib biriktirildi. Murabbiylar dastlabki 3 oy davomida shogirdlari bilan yonma-yon faoliyat olib borib kasb sirlarini oʻrgatadi. Mazkur sinov davrida yosh xodimlarning xizmatga layoqati aniqlanadi. Tajribali xodimlar yosh profilaktika inspektorlariga 1 yil davomida ustozlik qiladi.
– Yangi ishga olinganlar har tomonlama sinovdan oʻtkazilayotir, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Joʻrabek Avazov. – Ularning bir qismini ilgari profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi vazifasida faoliyat olib borganlar tashkil qiladi. Akademik litsey tayyorlash kursida oʻqish davomida ularning qonunchilik, ichki xizmat boʻyicha bilimlari yana-da mustahkamlandi.
Joriy yilning aprel oyida ham viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tizimiga 15 nafar xodim xizmatga olingan edi. Ayni paytda tizimda 300 nafardan ziyod porfilaktika inspektori xizmat qilayotir.