Yosh mutaxassislar – Vatanimiz tayanchi
Andijon viloyati Izboskan ijtimoiy-iqtisodiyot kollejida “Vatan kelajagi – yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida o‘tkazilgan davra suhbati shunday nomlandi.
Andijon viloyati Izboskan ijtimoiy-iqtisodiyot kollejida “Vatan kelajagi – yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida o‘tkazilgan davra suhbati shunday nomlandi.Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat hamda Izboskan tumani kengashlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yoshlar, ota-onalar, partiya faollari, bank mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning zamonaviy bilim olishi va kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularni ta’limning keyingi bosqichiga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
– Kollejda sakkizta kasb va ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 749 o‘quvchi tahsil oladi, – deydi kollej direktori Gullola Niyozmatova. – Ularning sohaga oid bilim va kasb sirlarini puxta o‘zlashtirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Joriy yilda kollejni tamomlayotgan 559 nafar bitiruvchining bandligini ta’minlash bo‘yicha 208 korxona, tashkilot, muassasa va fermer xo‘jaliklari bilan to‘rt tomonlama shartnomalar tuzilgan.
Muayyan kasblarni egallagan kollej bitiruvchilarining 301 nafari tuzilgan shartnoma asosida mutaxassisligi bo‘yicha ish faoliyatini boshlasa, 220 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun imkoniyatini sinovdan o‘tkazish niyatida.
Kollejning 38 nafar bitiruvchisi tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida tijorat banklariga biznes-reja taqdim etdi.
– Men o‘zim yashayotgan Ittifoq mahallasida tikuvchilik sexi tashkil etish bo‘yicha “Agrobank”ning tuman bo‘limiga biznes-reja topshirgan edim, – deydi bitiruvchi Maftuna Ne’matova. – Loyiham ma’qullanib, 5 million so‘m imtiyozli kredit ajratiladigan bo‘ldi. Bu ikki tengdoshimni ham doimiy ish bilan ta’minlash imkonini beradi.
Tadbir doirasida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan milliy va zamonaviy liboslar hamda qo‘l mehnati buyumlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.