“Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga ko‘maklashish O'zLiDePning dasturiy maqsad-vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois partiya faollari va deputatlari birinchi navbatda aholining, xususan yoshlarning kitobga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirish, ularning kitobxonlikka qiziqishini kuchaytirishga e’tibor qaratib kelmoqda.
Yurtimizda yoshlarni keng tafakkurli, bilimli va barkamol qilib tarbiyalash, ularni o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish dolzarb vazifalardan biri ekanligini chuqur anglagan Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati Komiljon Ro‘ziyev tashabbusi hamda O'zLiDeP viloyat va Qorako‘l tumani Kengashlari sa’y-harakati bilan tumandagi 5- hamda 43-umumta’lim maktablarining 5-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Poykent bilimdonlari” yosh kitobxon tanloviga start berilgan edi.

Kuni kecha 5-umumta’lim maktabida tanlovning yakuniy natijalari e’lon qilindi. Tegishli nizomga asosan o‘quvchi yoshlar ro‘yxat bo‘yicha tavsiya etilgan adabiyotlarni qunt bilan o‘qib, ulardagi qahramonlar o‘y kechinmalarini mustaqil ravishda mushohada eta olishlarini, ijobiy va salbiy qahramonlar bo‘yicha yetarli bilimga ega ekanliklarini amalda ko‘rsata oldi.

Tadbir avvalida o‘quvchi-yoshlar tomonidan o‘qilgan badiiy asarlar asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi, taniqli shoirlar she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng birinchi o‘rinni Shahinabonu Norsaidova, Farangiz Qodirova, Sabohat Qodirova qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Dildora O‘ktamboyeva, Sarvinoz Nuriddinova, O‘g‘iloy Yo‘ldosheva munosib deb topildi. Uchinchi o‘rin esa Dilso‘z Bo‘stonova, Rayhona Arasheva, Nigora To‘xtamurodovaga nasib etdi.

Faol ishtirokchi o‘quvchi-yoshlar tashkilotchilarning badiiy kitoblar jamlanmasidan iborat esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlariga sazovor bo‘ldi.

Tanlovda so‘z olgan loyiha tashabbuskori Komiljon Ro‘ziyev, O'zLiDeP viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Bobomurod Ochilov va boshqalar bunday ibratli tadbirlar yosh kitobxonlar safini kengaytirishda, ular savodxonligini oshirishda, yoshlarni yuksak ma’naviy-ma’rifiy ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.

Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad yoshlarni ijtimoiy faolligini oshirish, ular qalbida kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, yurtga sadoqat, Vatanga muhabbat hissini shakllantirishdan iboratdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.