“Yosh kitobxon”: mutolaa madaniyati va intellektual raqobat maydoni
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda 2017-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi nafaqat adabiyotga qiziquvchi yoshlarni birlashtiruvchi maydon, balki jamiyatda mutolaa madaniyatini shakllantirishda muhim mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda. Tanlovning mahalladan tortib respublika bosqichigacha bo‘lgan ko‘p bosqichli tizimi esa yoshlar orasidan eng bilimdon va salohiyatli ishtirokchilarni saralab olish imkonini bermoqda.
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichi ham ushbu jarayonning amaliy ifodasi bo‘ldi. E’tiborlisi, 65 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz orasidan saralangan 57 nafar ishtirokchining finalga yetib kelishi tanlovning qamrovi keng va raqobat yuqori ekanini ko‘rsatadi.
[gallery-28884]
Viloyat bosqichida ishtirokchilar “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” shartlari asosida bellashgani ularning nafaqat o‘qish, balki tahlil qilish, tez fikrlash va mulohaza yuritish qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazdi. Bu kabi shartlar tanlovni oddiy bilim musobaqasidan intellektual salohiyatni baholovchi kompleks jarayonga aylantirayotganini ko‘rsatadi.
Yakunda 3 nafar g‘olibning respublika bosqichiga yo‘l olishi esa tanlovning asosiy maqsadi – eng munosib, bilimli va fikrlash doirasi keng yoshlarni aniqlashga xizmat qilayotganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, g‘oliblar uchun Prezident sovg‘asi – elektromobil joriy etilgani yoshlarni rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lib, bu kabi mukofotlar tanlov nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, “Yosh kitobxon” tanlovi bugungi kunda nafaqat musobaqa, balki yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni mustaqil fikrlashga o‘rgatish va intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilayotgan muhim ijtimoiy loyihaga aylanib bormoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA