Yosh jurnalistlar uchun ajoyib sovg‘a
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Yoshlar ovozi” gazetasi tahririyati qoshidagi “Mahorat maktabi” tinglovchilari uchun “Zamonaviy fotojurnalistika muammolari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbir avvalida mazkur “Mahorat maktabi”ga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan zamonaviy proyektor, proyektor uchun ekran va markerli doska topshirildi.
– Bugun media sohaga ham yangi texnika va texnologiyalar kirib kelmoqda, bo‘lajak jurnalist yigit-qizlarimiz ana shu texnikalar imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘z bilim va malakasini boyitib borishi kerak, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan dasturda ustoz-shogird asosida “Mahorat maktab”lari tashkil etish, ushbu maktablar faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. “Yoshlar ovozi” gazetasi tahririyati qoshidagi “Mahorat maktabi”ga bugun biz topshirgan texnikalar ham ana shu vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Seminar-treningda taniqli va tajribali fotojurnalist Muhammad Amin tinglovchilarga fotoapparat bilan ishlash, ob’ektivlar, yorug‘lik, soya, rakurslarni belgilash, mavzuga mos fotolarni qay yo‘sinda tanlash bo‘yicha ma’lumotlar berdi.
– Mazkur tadbir biz uchun har jihatdan foydali bo‘ldi, — deydi “Mahorat maktabi” tinglovchisi Mashhura Burhonova. – Fotoapparatlar, ularni ishlatish va fotomaterial tayyorlash bo‘yicha ko‘p narsa o‘rgandik. Bu esa amaliyotda bizga qo‘l keladi, deb o‘ylayman.
– Fotojurnalistika bo‘yicha tinglovchilarimiz olayotgan bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishi, bu borada ularni to‘g‘ri yo‘naltirish muhim, — deydi “Yoshlar ovozi” gazetasi muharriri Sardor Yalg‘ashev. – Ayni masalada bizni qo‘llab-quvvatlab, kerakli texnik vositalar bilan ta’minlagani uchun O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasidan minnatdormiz.
Seminarda yosh jurnalistlar fotojurnalistikaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.
O‘zA