“Yosh havaskorlar” jamoasi respublika bosqichida
Buxoro viloyat drama teatrida “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 13 ta jamoa ishtirok etdi.
Maqsad o‘quvchilarda san’atga bo‘lgan iqtidorni aniqlash va ularga ko‘mak berish, umumta’lim maktablarda yoshlarni musiqa san’atiga bo‘lgan muhabbatini oshirishdan iboratdir.

Hay’at a’zolarining xulosasiga ko‘ra, Romitan tumanidagi 36-maktabning “Shattiq” jamoasi uchinchi, Buxoro shahridagi 25-maktabning “Navo zarb, doira” jamoasi ikkinchi o‘ringa munosib deb topildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, G‘ijduvon tumanidagi 46-maktabning “Yosh havaskorlar” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

Tadbirning taqdirlash marosimida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev ishtirok etib, barcha jamoalarni tabrikladi. G‘oliblarga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.