Yosh harbiy xizmatchilar “Zakovat”da bahslashdi
Andijon shahridagi harbiy gornizonda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyati kengashi tashabbusi bilan Andijon harbiy prokuraturasi, viloyat mudofaa va Milliy gvardiya boshqarmalari hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida yosh harbiy xizmatchi va xodimlar o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy bilimlarini yanada mustahkamlash, kasbiy mahoratini oshirish, qolaversa, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan tanlovda askar va yosh harbiy xizmatchilardan tuzilgan yettita jamoa o‘zlarining bilim hamda mahoratlarini namoyish etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
[gallery-13510]
Belgilangan uchta – “tanishtiruv”, “savol-javob” va “uyga vazifa” shartlari asosida qiziqarli o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Andijon viloyatida joylashgan harbiy qismning “Mudofaa” jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismning “Sarhad samolari” jamoasiga ikkinchi, Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qismning “Yosh gvardiyachilar” jamoasiga esa uchinchi o‘rin nasib etdi.
Ko‘rik-tanlovning g‘olib va sovrindorlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan diplom, ko‘chma kubok hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA