"Yosh chegarachilar" musobaqasi
"Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik musobaqasining 2025 yilgi mavsumi Respublika final bosqichi ishtirokchilari Toshkentga yetib keldi.
Viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan 13 ta jamoa tarkibidagi 130 nafar o‘g‘il-qizlar ushbu jarayonga qadar musobaqaning tuman (shahar) va viloyat bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
[gallery-23330]
Mamlakatimizning olis chegaraoldi hududlaridan kelgan o‘g‘il-qizlar uchun dastlab poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi. Ilk manzil an’anaga ko‘ra, buyuk sarkarda, harb ishining mohir bilimdoni, sohibqiron Amir Temur va uning shajarasi tarixidan so‘zlovchi "Temuriylar tarixi" davlat muzeyi bo‘ldi. Har yili musobaqa ishtirokchilarining Toshkent shahri bo‘ylab sayohati aynan ushbu manzildan boshlanishi bejiz emas, albatta. Zero, Amir Temur o‘z tuzuklarida qo‘shinining uchdan bir qismini aynan chegaralar himoyasiga yo‘llaganini, ularning turish-turmushi va ta’minotiga alohida e’tibor qaratganini yozadi. Shu bois, sarhadlarimiz himoyasiga bel bog‘lash niyatida turgan yoshlar ham muzey eksponatlari orqali buyuk sarkardaning harbiy yurishlari, qo‘shin tutish mahorati va markazlashgan buyuk saltanat tuzish borasida amalga oshirgan ishlari bilan yaqindan tanishib, o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Yosh chegarachilarning poytaxtimiz bo‘ylab sayohati davom etmoqda. Ular taniqli yozuvchi, shoir va adiblar ishtirokidagi qiziqarli uchrashuv va davra suhbatlarida ham qatnashadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/djsjPWHkMLo?si=jatWwPZlmbS-YS_4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mayor Farida Bobojonova,
Shahzod Yodgorov fotosuratlari