Yosh bokschilarimiz qit’ada tengsiz
Poytaxtimizdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida boks bo‘yicha 1999-2000-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida boks bo‘yicha 1999-2000-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz boks federatsiyasi va Osiyo boks konfederatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada qit’amizning o‘n to‘rt davlatidan yuzdan ziyod sportchi ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishning muhim vositalaridan biri sifatida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Poytaxtimizda o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati mamlakatimizda yetuk bokschilarning munosib izdoshlari voyaga yetayotganini yana bir karra isbotladi. Chempionatda o‘n uch vazn toifasida bahslar o‘tkazilgan bo‘lsa, shunda yettitasi hamyurtlarimizning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Vazni 48 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi final bahsida Bahodir Barotov filippinlik Kriz Sander Laurentni, 57 kilogrammgacha og‘irlikdagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsda Bilolbek Mirzarahimov yaponiyalik Imanaga Taigani mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempioni, degan yuksak nomga sazovor bo‘ldi.
Bokschilarimizdan Temur Merjanov, Yahyoxon Saidxonov, Qosimxon Qosimov, Abbosxon Mirzaabdullayev, Profsor Rorimsha ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Halimbek O‘tegenov, Jahongir Rahmonov, Murodjon Aliyev, Saidjamshid Ja’farov, Temurbek Sa’dullaev, Dilshodbek Ro‘zimetov kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yetti oltin va olti kumush medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
– O‘zbekistonda tashkil etilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yuksak saviyada o‘tdi, – deydi Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi prezidenti Ching Kuo Vu. – Mamlakatingiz bu kabi ko‘plab nufuzli musobaqalarni o‘tkazishda katta tajribaga ega. Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan boks yoshlar o‘rtasida jadal rivojlanayotgani bokschilaringiz qo‘lga kiritgan ulkan g‘alabalar misolida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Musobaqa yopilishida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, Osiyo milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi va Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahad al-Saboh, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov ishtirok etdi.