Yosh belbog‘li kurashchilar Navoiyda saralandi
Navoiy shahridagi viloyat yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida belbog‘li kurash bo‘yicha 2006-2007-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 300 nafarga yaqin sportchilar sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qildi.
O‘g‘il bolalar musobaqasining birinchi va ikkinchi kunlari belbog‘li kurash va erkin yo‘nalish bo‘yicha kuch sinashgan bo‘lsa, uchinchi kuni qizlar o‘rtasida erkin yo‘nalish dasturida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida belbog‘li kurashning erkin yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan bahslarda 5 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan Navoiy viloyati vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Belbog‘li kurash yo‘nalishida kuch sinashgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medal jamg‘argan Toshkent viloyati jamoasi yetakchilikka erishdi.

Musobaqaning qizlar o‘rtasidagi bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, 3 ta oltin, 3 ta kumush, 6 ta bronza medaliga ega chiqqan Namangan jamoasi umumjamoada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA