Yosh advokatlar uchun tajriba maktabi
Advokatlik kasbida nazariy bilim bilan birga amaliy tajriba ham muhim. Ayniqsa, faoliyatini endi boshlagan yosh mutaxassis uchun tajribali hamkasbning maslahati, ish uslubi va kasb sirlarini o‘rganish katta ahamiyatga ega. Advokatlar palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasida «Ustoz-shogird» tamoyili doirasida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda ham shu masalaga e’tibor qaratildi.
Advokatlar palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda advokatlik tuzilmalari rahbarlari, hududiy boshqarma huzuridagi «Faxriylar guruhi» a’zolari hamda yosh advokatlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda yosh advokatlarni kasbga moslashtirish, ularning nazariy bilimini amaliyot bilan mustahkamlash, murakkab huquqiy masalalarni hal etishda tajribali hamkasblar ko‘magini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Advokatlar palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqat O‘roqov yosh mutaxassislarning kasbiy rivojida tajribali advokatlar bilan hamkorlik muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

«Ustoz-shogird» tamoyili doirasida yosh advokatlarning sud va tergov jarayonlarida ishtirok etishi, himoya strategiyasini shakllantirishi, zarur hujjatlarni tayyorlashi va murojaatlar bilan ishlash kabi amaliy ko‘nikmalarni tajribali advokatlardan o‘rganishiga keng yo‘l ochilmoqda.
Muhokama davomida yosh advokatlarning kasbiy faoliyatida uchrayotgan muammolar ham o‘rtaga tashlandi. Ularni hal etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish, muntazam seminar va davra suhbatlari o‘tkazish, tajriba almashish uchun yangi muloqot maydonlarini tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Zamonaviy huquqiy amaliyotda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Huquqiy axborotni tezkor izlash va tahlil qilish, elektron resurslardan samarali foydalanish hamda zamonaviy ish usullarini o‘zlashtirish yosh advokatlar uchun muhim ko‘nikmalar ekani ta’kidlandi.
Uchrashuvda kasb etikasi masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Advokatning yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan shaxsga munosabati, hamkasblar bilan muomalasi, sud va tergov jarayonlarida o‘zini tutishi uning kasbiy madaniyatini namoyon etadi. Shu bois «Advokatning kasb etikasi» qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslar va hamkasblarning sha’ni, qadr-qimmati hamda kasbiy obro‘sini hurmat qilish, muomala madaniyatiga rioya etish, advokatlik kasbining nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik lozimligi qayd etildi.
Tadbir yakunida «Ustoz-shogird» tamoyilini yanada samarali tashkil etish, yosh advokatlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va ularga tajribali mutaxassislar ko‘magini kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri