Yong‘indan qutqaruvchilar shayligi sinovdan o‘tdi
Sirdaryo viloyati hokimligi ma’muriy binosida "Mahalliy hokimlik binolarida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, yong‘inlarni o‘chirish va qutqaruv ishlarini olib borish" mavzusida taktik-o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xurshid Sadirov rahbarligida tashkil etilgan mashg‘ulotga 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji, 8 ta maxsus texnika va 50 nafarga yaqin shaxsiy tarkib jalb etildi.
Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, hokimlik binosida texnik nosozlik oqibatida shartli yong‘in sodir bo‘lgani haqida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda boshqa tezkor xizmatlarga xabar kelib tushdi. Belgilangan reja asosida hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar, avvalo, binoda bo‘lgan xodimlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qildi. Shundan so‘ng yong‘in o‘chog‘ini lokallashtirish, uning kengayishining oldini olish va shartli yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
[gallery-30270]
Taktik-o‘quv mashg‘uloti davomida qutqaruvchilarning favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, qutqaruv ishlarini tashkil etish, maxsus texnika va asbob-uskunalardan samarali foydalanish, shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda harakat qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Barcha kuch va vositalarning izchil harakati natijasida shartli yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etildi. Mashg‘ulot yakunlariga ko‘ra, jabrlanganlar qayd etilmadi.
– Bunday taktik-o‘quv mashg‘ulotlari favqulodda vaziyatlar yuz berganda kuch va vositalarning tezkor hamda muvofiqlashtirilgan harakatini ta’minlash, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining jangovar shayligini mustahkamlash va shaxsiy tarkibning kasbiy mahoratini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, bunday amaliy mashg‘ulotlar turli xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish, zamonaviy texnika va qutqaruv vositalaridan samarali foydalanish hamda aholi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi, kapitan Davron Sulaymonov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA