Yo‘llar ravon bo‘lsa, manzil yaqin bo‘ladi
Navoiy viloyatida joriy yil Davlat dasturlari doirasida 1112 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash rejalashtirilgan. Jumladan, respublika byudjetining 171,7 milliard so‘m mablag‘i hisobiga umumiy foydalanishdagi 192 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib borildi.
Navoiy shahrida viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyati bo‘lim hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida ma’lumot berildi.
– bugungi kunda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash dasturi uchun ajratiladigan 63 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 176,5 kilometr uzunlikdagi yo‘llarda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi boshqarma boshlig‘i Erkin Kamolov. – Shuningdek, 580 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida yo‘l yotiq chiziqlari chizildi. 2572 dona yangi intensiv nur qaytaruvchi yo‘l belgilari o‘rnatildi. Bundan tashqari, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 4 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hisobiga viloyat hududidagi 4,6 kilometr ichki yo‘llarda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
OAV vakillari uchun Navbahor tumanida yo‘l-qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi. Dastlab ular “Navbahor tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasiga tegishli Asfalt ishlab chiqarish zavodida bo‘ldi. Zavod soatiga 120 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 135 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ayni vaqtda zavodda ishlab chiqarilayotgan asfalt mahsuloti Navbahor tuman yo‘l quruvchilariga hamda Nurota va Konimex tumanlariga ham yetkazib berilmoqda.
Tumandagi “Qorajon” mahallasida viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga qarashli “Navoiyyo‘lko‘kalam” unitar korxona ko‘chatxonasi joylashgan. Bu yerda yo‘l yoqalariga ekish uchun manzarali ko‘chat va butalar parvarishlanadi.
– Ko‘chatxonamizning umumiy maydoni 2,2 gektar bo‘lib, 2018 yilda tashkil etilgan. Hozirda bu yerda 50 ming tupdan ziyod manzarali daraxtlar, buta ko‘chatlari yetishtirilmoqda, – deydi unitar korxona direktori o‘rinbosari Tolib Boboyev. – Ularning ba’zilarini urug‘idan, ayrimlarini esa qalamcha holida ekib ko‘paytiramiz. Ushbu yetishtirilayotgan buta va ko‘chatlarimiz shahar va qishloqlardagi ko‘chalarni obodonlashtirish, turli avtomobil yo‘llarining chetlariga ekish uchun mo‘ljallangan. Joriy yilning bahor faslida yo‘l yoqalariga 26 mingta nihol ekilgan bo‘lsa, kuz faslida 25 ming 600 dona ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
[gallery-9044]
Qayd etish kerak, ayni vaqtda boshqarma ishchi-xodimlari tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 186 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llarida joriy ta’mirlash ishlari olib borilib, asfalt, sement-beton yotqizish va shag‘allashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 18 maydagi “Sement-beton qoplamali avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Navoiy viloyatida 130 kilometr sement-beton qoplamali yo‘l qurilishi belgilangan bo‘lib, 98 kilometr yo‘l klaster usulida, 32 kilometr yo‘l esa “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshiriladi.
– 2022 yil iyun oyida Xalq deputatlari viloyat Kengashi qaroriga asosan sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlanib, klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot sifatida “Qizilqumsement” AJ korxonasi belgilangan, – deydi Erkin Kamolov. – Hozirda “Burqut” mahallasidagi ichki xo‘jalik yo‘llariga “Klaster” usulida sement-beton qoplamasi quyilmoqda.
Press-tur jarayonida ishtirokchilar “Arabxona” mahallasidagi ichki yo‘llarni shag‘allashtirish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 112,3 kilometr yo‘l shag‘allashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 580 kilometr tuproq yo‘llari shag‘al qoplamaga o‘tkazilmoqda.
– Qurilish-ta’mirlash ishlari hudud aholisining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi “Arabxona” mahallasi raisi Olim Davlatov. – Mahallamizning loy va chang ko‘chalaridan biri shag‘allashtirilmoqda. Bu ko‘chadan farzandlarimiz maktabga boradi. Endilikda yog‘in-sochinli kunlarda ular loyga botmasdan, tekis yo‘ldan foydalanadi.
Press-tur davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilar tomonidan javoblar oldi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA