Yo‘li ravon elning xalqi farovon
Bugun yurtimizning turli hududlarida, nafaqat yirik shaharlar, balki tuman markazlari, hatto chekka qishloqlarda ham har qanday ko‘zni quvontiradigan yangilanishlar yuz bermoqda-ki, bu tarixiy jarayonlar ulkan bunyodkorlik davri sifatida vatanimiz tarixi sahifalariga bitilishi shubhasiz. Zero, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaati oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilib, barcha davlat idoralari faoliyatida aholi murojaatlari bilan ishlash jarayonida mutlaqo yangicha tizim faol ishlamoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlariga muvofiq, jumladan, hududlardagi mahallalar infratuzilmasi yaxshilanib, ichki yo‘llar, ijtimoiy soha ob’ektlari ta’mirlanmoqda.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani “Oqirtma” Qishloq fuqarolar yig‘inidagi mavjud 607 xonadonda qariyb 3 000 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hudud ahli yurtimizda ro‘y berayotgan yangilanishlar to‘lqinini o‘z qishlog‘i misolida ko‘rayotganidan mamnun.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi o‘tgan yilgi 2-mavsumi doirasida qishloq asosiy qatnov yo‘lining 2,6 km qismiga asfalt qoplamasi yotqizish taklifi yetarli ovoz bilan g‘olib chiqqan edi. Ayni payt yo‘lning asosiy qismida asfaltlash qizg‘in davom etyapti.

– Yashash uchun qulaylik ortayotganidan odamlar juda mamnun, – deydi mahalla raisi Husniddin Bozorov. – “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘olib bo‘lganimiz mahalla ahli hamjihatligi ifodasi, deyish mumkin. Mana bu o‘zgarishlar yangi 2025 yil boshida biz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

– Oqirtmaliklarning yo‘llari ravon bo‘lmoqda, – deydi ko‘p yillar qishloqdagi 4-maktabda dars bergan Qurbon Ibragimov. – Ko‘chalarimiz ancha vaqtdan beri ta’mirtalab ahvolda edi. Avvalo hukumatimiz e’tibori, qolaversa qishloq ahli jonbozligi tufayli asosiy yo‘limizni asfaltlash sur’ati ancha tezlashdi. Eng muhimi, butun yurtimiz bo‘ylab mana shunday bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari jadal davom etayotgani quvonarli.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mahallalarda g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilayotgan yo‘lsozlar, obodonlashtirish xodimlari, keksa-yu yosh – barcha-barchani bir mushtarak maqsad – jondan aziz ona Vatanni yanada obod, farovon etish istagi birlashtirgan.

O‘tkir Alimov, O‘zA