“Yo‘l xaritasi”: vazifalar qog‘ozda emas, amalda bajarilishi zarur
Kattaqo‘rg‘on tumanida korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burhonov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil 5-mart kuni korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida berilgan topshiriqlar hamda hududlarda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, maishiy korrupsiyaga barham berish, mazkur illatga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, ishchi guruh tumandagi tibbiyot muassasalari, davlat idoralari va aholi ko‘p murojaat qiladigan tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarni o‘rganganda sohalarni raqamlashtirish va inson omili aralashuvini kamaytirish borasida muayyan natijalarga erishilgani bilan birga bir qator kamchiliklar borligi ham aniqlangan. Shu sababli yig‘ilishda yagona tibbiyot axborot tizimi(DMED)da “Elektron retsept” moduli orqali bemorlarga retseptlarni elektron shaklda berish, ish stavkalarini bo‘lishdagi korrupsion omillarni bartaraf etish, korrupsiya va xavf-xatarlarni aniqlash bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni amaliyotga joriy etish yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Shuningdek, davlat organlariga ishga qabul qilish jarayonida byurokratik to‘siqlar hamda inson omilini bartaraf etish, xodimlarni ishga qabul qilish ochiq va shaffof tanlovlar asosida amalga oshirilishini monitoring qilish tizimini yo‘lga qo‘yish ishlarini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosini o‘z muddatida va sifatli ta’minlash bo‘yicha mutasaddilar mas’uliyati eslatildi. Shuningdek, tumanni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish yuzasidan tegishli idoralarning takliflari muhokama qilinib, ularni amaliyotga joriy qilish choralari belgilandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri