Yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish ishlari jadal olib borilmoqda
Mamlakatimizda yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hududlarda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va muhandislik inshootlarini barpo etish orqali transport harakati xavfsizligi va qulayligi ta’minlanmoqda.
Samarqand viloyatida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 558 ta ko‘prik mavjud. “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri Samarqand filiali tomonidan o‘tgan yili 11 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlari bajarilgan bo‘lsa, joriy yilda 9 ta ob’ektda ishlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, A378 “Samarqand – G‘uzor” yo‘lidagi ko‘prik ta’mirlanmoqda. 4R47 “Bulung‘ur – Urgut – M39” yo‘lining 45 va 48-kmlarida yangi ko‘priklar qurilmoqda. Bundan tashqari, M37 “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” yo‘lida yerosti piyodalar o‘tish yo‘li barpo etildi.

Sirdaryo viloyatida ham yo‘llarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari yangi bosqichga chiqqan. 2026-yilda jami 423 km. yo‘lni ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, bu maqsadga 512,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ayniqsa, xalqaro ahamiyatga ega M39 avtomobil yo‘lining Oqoltin tumani hududidan o‘tgan qismida keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yo‘l qoplamasi yangilanib, qatnov qismi kengaytirilmoqda va zamonaviy infratuzilma elementlari joriy etilmoqda.
Shuningdek, joylarda ko‘priklar mustahkamlanmoqda, drenaj tizimlari yangilanmoqda, xavfsizlik to‘siqlari va yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda.

M39 “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” avtomobil yo‘li mamlakatimizning eng muhim tranzit yo‘laklaridan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘l orqali sutkasiga 50 mingga yaqin transport vositalari harakatlanadi.
Hozirda yo‘lning 1255–1315 km qismi (60 km) to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda. Loyiha xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilib, uning qiymati 153,9 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida 8 ta ko‘prik, 6 ta ikki sathli yo‘l aylanmasi, 6 ta yerosti piyodalar o‘tish yo‘li, 13 ta chorva o‘tish joyi qurilishi ko‘zda tutilgan. Hozirga qadar 15 km. yo‘l foydalanishga topshirilgan.
Qurilish jarayonlarida sement-beton qoplamalar, zamonaviy drenaj tizimlari va yuqori sifatli materiallardan foydalanilmoqda. Bu esa yo‘llarning xizmat muddatini uzaytirish va ularning bardoshliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yo‘l va ko‘priklar qurilishi nafaqat transport harakatini yengillashtiradi, balki logistika imkoniyatlarini kengaytiradi, tadbirkorlikni rivojlantiradi, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshiradi.
Samarqand, Sirdaryo va boshqa hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yo‘lsozlik va ko‘priksozlik ishlari mamlakatimizda transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu esa aholi uchun qulay va xavfsiz harakat muhitini yaratish bilan birga, iqtisodiy taraqqiyotga ham mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA