Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda
Avtomobil yo‘llari — iqtisodiyotning qon tomiri, aholi turmush sifati va hududlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlovchi muhim infratuzilma hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yo‘l-transport tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yangi yo‘llar qurish va mavjudlarini ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq hududlardagi holat tahlil qilinganda, yo‘llar sifati bir xil emasligi, ayrim joylarda qoplamalarning eskirishi, chuqurlar paydo bo‘lishi va ichki yo‘llarning ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani kuzatilmoqda. Bu esa aholining kundalik harakati, transport xavfsizligi va iqtisodiy faollikka bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xo‘sh, respublika hududlaridagi yo‘llar sifati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha qanday amaliy ishlar qilinmoqda?
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot taqdim etdi.
Mutaxassisga ko‘ra, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi “Talisangobod” mahalla fuqarolar yig‘ini bu boradagi amaliy ishlarga yaqqol misol bo‘la oladi. Prezidentning tashabbusli byudjetlashtirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarori asosida mahalladagi Talisang, Quyi Chaqar va Xonabod qishloqlarida 3,2 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarni asfaltlash ishlari amalga oshirilmoqda. Loyihani ro‘yobga chiqarish uchun 1 milliard 471 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu aholining ko‘p yillik muammolarini hal etishga xizmat qilmoqda.
Sirdaryo viloyatida ham yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Xususan, Guliston tumani hududidan o‘tuvchi 20V010 avtomobil yo‘lida asfalt-beton qoplamasi yotqizish ishlari olib borilmoqda. Belgilangan muddatlarda qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlash maqsadida maxsus texnika va ishchi-xodimlar jalb qilingan.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Zarmetan mahallasida ham ichki xo‘jalik yo‘llarining 3,2 kilometr qismida asfalt-beton qoplamasi yotqizish ishlari boshlab yuborilgan. Yo‘llarning zamonaviy talablarga javob berishi va aholi uchun qulaylik yaratishi maqsadida qurilish ishlari belgilangan reja asosida olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida davlat ahamiyatiga ega D034 avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida paydo bo‘lgan nuqsonlar zamonaviy texnologiyalar yordamida bartaraf etilmoqda. Frezalash va issiq asfalt-beton qoplamasi bilan ta’mirlash ishlari yo‘l sifati va xizmat muddatini oshirishga qaratilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida esa 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks rivojlantirish dasturi doirasida yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Qo‘ng‘irot shahri – Ravshan Saksovulsoy” avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida kengaytirish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari poytaxt atrofidagi transport xavfsizligini oshirish maqsadida Toshkent halqa avtomobil yo‘lida yerusti piyodalar o‘tish yo‘llari qurilishi davom ettirilmoqda. M39b avtomobil yo‘lining bir nechta nuqtalarida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha piyodalar xavfsizligini ta’minlash va transport harakatini yanada tartibga solishga xizmat qiladi.
Ushbu misollar mamlakatning turli hududlarida yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. Yangi yo‘llar, zamonaviy qoplamalar va xavfsizlik inshootlari nafaqat harakatlanish qulayligini oshirmoqda, balki aholining turmush sifati, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi va iqtisodiy faolligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA