Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilaylik
O‘zbek xalqi butun umr yaxshi niyat bilan farzandining to‘y tomoshasi, uy qurish, orzu havas deb mehnat qiladi. Yig‘ib terganini xalqqa ilinadi.
Hammamiz ham farzandimiz to‘y tomoshalari ko‘ngildagidek esda qolarli o‘tishini orzu qilamiz. Shunga yarasha harakat qilamiz. Biroq, bu unutilmas voqea faqat erkin xotiralar bilan eslanishini istaymiz.
Ammo yoshlarning beboshlarcha qilgan xatti-harakatlari, sho‘xlik ortidan ba’zan shunday noxushlik kelib chiqishi mumkinki, u bir umr qalbga jarohat bo‘lib qoladi. Tuy ham yaxshi kun ham tatimay qoladi.

Buxoro viloyatining Buxoro tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega yo‘lda oldi olinmaganda ana shunday noxushlik kelib chiqishi mumkin edi. Gap shundaki, asli romitanlik aka-ukalar kenja ukasining to‘yini o‘zlaricha esda qolarli, yanada yorqin bo‘lishini istashdi shekilli, Buxoro tumanidan o‘tuvchi mazkur yo‘lda to‘y kortejiga yuk avtomashinalari bilan qo‘shilishdi. Ular shunchaki kelin kuyovni manzilga kuzatishsa mayli, biroq o‘zboshimchalik bilan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, serqatnov magistral yo‘lni to‘laligicha to‘sib harakatlanishdi. Aytish kerakki, M-37 magistral yo‘li xalqaro ahamiyatga ega yo‘l bo‘lib nihoyatda serqatnov va bu kabi holat o‘nlab avtomashinalar uchun yo‘l transport hodisasini keltirib chiqarishi mumkin. Yaxshiyamki, Yo‘l Harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorlari bu holatga o‘z vaqtida chek qo‘yishdi.

–Noto‘g‘ri ish qilyapmiz deb o‘ylamagandik, – deydi haydovchilardan biri. –Bizning soha haydovchilik bo‘lib, katta yuk tashuvchi mashinalar bilan magistral yo‘llarda yuramiz. Biz xato qildik. Boshqalar bu xatoni qaytarmasin.
O‘ylanmay qilingan sho‘xlik aka-ukalarga qimmatga tushdi. Haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, yuk avtomashinalari jarima maydoniga qo‘yildi.
–Ayrim fuqarolarning to‘y-marosimlarda guruh-guruh bo‘lib harakatlanib yurishi noto‘g‘ri, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. – Bu esa boshqa harakat ishtirokchilariga ayniqsa, haydovchilarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Shu o‘rinda barcha fuqarolarimizdan ayniqsa, haydovchilarimizdan yo‘llarda harakatlanayotganda guruh-guruh bo‘lib harakatlanmaslikka chaqiramiz. Yo‘lda belgilangan tartib qoidalar asosida amaldagi yo‘l harakati qoidalariga, haydovchi madaniyatiga rioya qilinsa har xil noxushliklarning oldi olinadi.
Falokatni oldi olindi, biroq bu yoshlarning ibrat ko‘zini ocha oldimikan. Axir har kuni turli yo‘llarda sodir bo‘layotgan og‘ir oqibatli avtohalokatlar haqida eshitamiz. Ular ham ehtiyotsizlik, o‘ziga ortiqcha ishonish va mavjud qoidalarni pisand qilmaslik oqibati emasmi. Shu o‘rinda ota-onalar ham farzandlari xatti-harakatiga nisbatan e’tiborli bo‘lishsa yomon bo‘lmasdi.
Zarif Komilov, O‘zA