Yodgor Sa’diyev Ozarbayjonning “Master san’atkor” medali bilan taqdirlandi
O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev o‘zining betakror ijodi, yuksak artistik mahorati, san’atga cheksiz muhabbati, fidoyiligi bilan xalqimiz mehrini qozongan.
O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston, Tojikiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev yana bir nufuzli mukofot bilan taqdirlandi.
Ozarbayjon teatr xodimlari ittifoqi idora hay’atining qaroriga ko‘ra, taniqli san’atkor “Master san’atkor” medali bilan mukofotlandi.
Ushbu mukofot teatr san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, o‘z ijodi va mahorati bilan tomoshabinlar qalbidan joy olgan san’atkorlarga beriladi.
Yodgor Sa’diyev o‘zining ko‘p yillik ijodiy faoliyati davomida nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa teatr san’ati rivojiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
U ijro etgan rollari, sahnalashtirilgan spektakllari hamda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi faoliyati bilan san’at ahli va tomoshabinlar hurmatini qozongan.
Mazkur mukofot san’atkorning ko‘p yillik mehnati, teatr san’atiga sadoqati va xalqaro miqyosdagi obro‘sining yana bir e’tirofi bo‘ldi.
Bu e’tirof, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganining yorqin ifodasi sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Yodgor Sa’diyev rahbarlik qilayotgan O‘zbek Milliy akademik drama teatri mamlakatning yetakchi madaniy maskanlaridan biri bo‘lib, unda milliy va jahon dramaturgiyasining sara asarlari sahnalashtirilmoqda.
Teatr jamoasining ijodiy yutuqlarida ham san’atkorning tajribasi va rahbarlik salohiyati muhim o‘rin tutadi.
Ustoz san’atkorning “Master san’atkor” medali bilan taqdirlanish Yodgor Sa’diyevning teatrdagi xizmatlari yuqori baholanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu esa kelajakda ham yangi ijodiy izlanishlar va yutuqlar uchun mustahkam zamin yaratadi.
N.Usmonova, O‘zA