Yo‘lovchilar uchun yangi qulayliklar
Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida ish boshlagan yangi avtovokzal va avtostansiyalarda poytaxtimizni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi yo‘nalishli taksilarda yo‘lovchi tashish yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida ish boshlagan yangi avtovokzal va avtostansiyalarda poytaxtimizni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi yo‘nalishli taksilarda yo‘lovchi tashish yo‘lga qo‘yildi.O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Qamchiq dovoni orqali kuniga minglab transport vositalari qatnaydi. Ularning aksariyati yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan yengil avtomobillardir. Jumladan, tog‘li hududlar orqali o‘tadigan yo‘lning uzoqligi haydovchilarning mahorati va transport vositalarining texnik holatiga nisbatan alohida talablar qo‘ymoqda.
Poytaxtimizdan Farg‘ona vodiysining yirik shaharlariga yangi yo‘nalishlar tashkil etilishi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatning yana bir yorqin samarasidir. Buning natijasida aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifati va xavfsizligi sezilarli darajada oshib, yo‘lovchi transporti sohasida bozor munosabatlari va raqobat yanada kuchaymoqda.
Davlatimiz rahbarining 2006-yil 9-martda qabul qilingan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxslargina yo‘lovchi tashishi mumkin. Xususiy avtotransport vositalari egalari ushbu avtotashuvchi korxonalarga a’zo bo‘lgandan so‘ng yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanmoqda. Ular qonuniy asosda faoliyat yuritib, ish haqi olmoqda, huquqiy va ijtimoiy himoyalanmoqda, pensiya ta’minotiga ega bo‘lmoqda.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining avtoransportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Tohirjon Jamolxo‘jayevning ta’kidlashicha, dastlabki bosqichda Toshkent va Farg‘ona voydiysi shaharlari o‘rtasidagi yangi yo‘nalishlar ushbu hududlar avtotashuvchilariga biriktirilgan. Joriy yilning oktabr oyida o‘tkaziladigan ochiq tender savdolari g‘oliblari ushbu yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadi. Yo‘lovchi tashiydigan avtomobillar umumiy texnik standartlar talabiga javob berishi va ularni ajratib turuvchi zarur belgilarga ega bo‘lishi shart. Jumladan, avtomobilning tom qismiga “YT” belgisi va to‘q sariq rangli chiroq o‘rnatilishi lozim. Yo‘nalishli taksining old eshiklariga qora rangli to‘rtburchaklardan iborat shaxmat tartibidagi belgi aks ettirilib, ular o‘rtasida aylana ichida “YT” harflari bosiladi. Bunda transport vositasini ma’lum bir rangga bo‘yash shart emas.
Jismoniy shaxslarga tegishli yo‘lovchi avtotransport vositalari o‘z vaqtida texnik, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasligi tufayli ko‘plab muammolar yuzaga kelishi mumkin. Natijada ular nafaqat o‘zining, balki yo‘lovchilar va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. Poytaxtimiz va Farg‘ona vodiysi o‘rtasida harakat qiladigan yangi yo‘nalishli taksi haydovchilari jadval asosida ishlayotir. Oxirgi manzilga (avtovokzal va avtostansiya) yetib kelgach, kamida to‘rt soat dam olib, yo‘nalishga chiqishdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
Joylarda yo‘lovchi va haydovchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar alohida e’tiborga loyiq. Masalan, poytaxtimizning Bektemir tumanidagi “Vodiy”, “Namangan”, “Uzumzor” (Andijon shahri), “Farg‘ona” va “Dang‘ara” (Qo‘qon shahri) avtostansiyalarida yo‘lovchilarga yo‘nalishlar haqida barcha zarur axborotni taqdim etadigan ma’lumotxona xizmatlari tashkil etilgan. Kutish uchun ajratilgan hududlar qulay o‘rindiqlar va dam olish joylari bilan ta’minlangan, oshxona va mehmonxonalar ishlab turibdi. Tez orada savdo nuqtalari ham ochiladi. Avtomobillar uchun qo‘riqlanadigan to‘xtash joyi, yo‘lovchilarning mashinaga chiqishi uchun esa maxsus joylar, tibbiy va texnik ko‘rikdan o‘tkazish punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Ayni paytda avtomobillar to‘xtash joyiga 600 ga yaqin avtomobilni joylashtirish mumkin, – deydi “Vodiy” avtovokzali direktori Nig‘matilla Toshpo‘latov. – Avtomobillar soni va yo‘lovchilar oqimining ko‘payishi munosabati bilan tutash hududni kengaytirish hisobidan bu raqam 1000 taga yetishi mumkin. Yo‘lovchi va haydovchilar yaratilayotgan sharoitlardan mamnun bo‘lishiga ishonamiz.