Yo‘llarimiz yanada ravon bo‘ladi
Transport kommunikatsiyalari tizimini yanada takomillashtirish O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu tizimda asosiy o‘rin egallagan avtomobil yo‘llari orqali iqtisodiyot tarmoqlari yuklarining 90 va jami yo‘lovchilarning 98 foizi tashiladi.
Transport kommunikatsiyalari tizimini yanada takomillashtirish O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu tizimda asosiy o‘rin egallagan avtomobil yo‘llari orqali iqtisodiyot tarmoqlari yuklarining 90 va jami yo‘lovchilarning 98 foizi tashiladi.Shu munosabat bilan avtomobil yo‘llarining holatini yaxshilash va ulardan foydalanish muddatini uzaytirish vazifasini hal etish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturida O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi va mahalliy ahamiyatga ega 2,7 ming kilometr avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarini izchil davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturi amalga oshirilishi samarasida bugun mamlakatimizning barcha hududlari o‘rtasida kechayu kunduz ishonchli transport qatnovi ta’minlanayotir, yuk va yo‘lovchilarni qo‘shni davlatlar hududiga kirmasdan tashish uchun sharoit yaratilmoqda, yuklarni tranzit qilish hajmi sezilarli ravishda ko‘paymoqda.
Jahon amaliyotida iqlimning keskin o‘zgarishi sharoitiga mo‘ljallangan asfalt-beton qoplamalari yaratish uchun bitum tarkibiga polimer va boshqa organik hamda mineral materiallardan qo‘shimcha kiritish orqali yo‘l qoplamalarining issiqlik va yorilishga chidamliligini oshirish usulidan foydalanilmoqda. Bu materiallarning tarkibiy-mexanik xususiyatlarini tartibga solish imkonini berayotir.
Rezina qo‘llanilgan asfalt-beton qoplamasidan foydalanish jarayonida uning xizmat muddati uzayishi aniqlangan.
Ayni paytda, ayniqsa, shahar chorrahalari va baland tog‘ uchastkalarida yo‘llarni qoplash uchun foydalanilayotgan asfalt-beton kompozitsiyalari yetarlicha mustahkam emas va tez ishdan chiqmoqda.
Shu bois mahalliy va ikkilamchi organik hamda noorganik xomashyodan tayyorlangan qo‘shimchalar asosida bitum kompozitsiyasining mumsimon birikuvchan tarkibini yaratish, uni qo‘llagan holda tarkibida shag‘al-mum bo‘lgan asfalt-beton tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Mamlakatimiz olimlari, jumladan, “Fan va taraqqiyot” davlat unitar korxonasi mutaxassislari ushbu vazifani muvafaqiyatli bajarmoqda. Ilmiy tadqiqotlar davomida ekstremal sharoitlarda foydalaniladigan beton yo‘llar ulangan joylar va asfalt-beton yotqizilgan yo‘llarning yoriqlarini zichlash uchun kompozitsion materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha samarali texnologiya yaratish imkoniyati aniqlandi. Bitum va gossipol smolasi tarkibini gidroliz lignin, rezina maydasi, ikkilamchi polietilen va polivinilxlorid kabi turli qo‘shimchalar yordamida kimyoviy-fizikaviy o‘zgartirish orqali ularning yumshash haroratini 40-5000S dan 70-8000S gacha oshirishga erishildi. Mamlakatimizdagi neftni qayta ishlash zavodlarida qariyb 140 ming tonna bitum ishlab chiqariladi va bu avtomobil yo‘llari bunyod etish uchun yetarli emas.
Shu bois o‘z xususiyatiga ko‘ra asfalt-beton aralashmasini tayyorlashda qo‘llaniladigan bitumga o‘xshash yangi organik materiallar yaratish bo‘yicha izlanishlar olib borish zarurati paydo bo‘ldi. Ana shu maqsadda Andijon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘qon va Yangiyo‘l yog‘-moy kombinatlarining ikkilamchi mahsulotlari, ayniqsa, gossipol smolasidan foydalanish imkoniyati o‘rganib chiqildi.
O‘tkazilgan tadqiqotlar samarasida Andijon yog‘-moy kombinatining gossipol smolasi fizikaviy-mexanik xususiyati bo‘yicha asfalt-beton yotqizilgan yo‘llarga mo‘ljallangan samarali kompozitsiya materiallari ishlab chiqarish uchun mos kelishi aniqlandi.
Shu yilning may oyida bo‘lib o‘tgan VIII Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida “Fan va taraqqiyot” davlat unitar korxonasi mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish chiqindilaridan organik hamda noorganik qo‘shimchalar asosida tayyorlangan kompozitsion asfalt-beton namunasini namoyish qildi.
Ekstremal sharoitlarda foydalaniladigan beton yo‘llar ulangan joylar va asfalt-beton yotqizilgan yo‘l hamda ko‘priklar yoriqlarini zichlash uchun kompozitsiya materiallari ishlab chiqarishning samarali texnologiyasini yaratish bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar samarasida mahalliy xomashyo resurslaridan ushbu maqsadlarda foydalanish, O‘zbekiston yo‘l tizimini yanada takomillashtirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish imkoniyati aniqlandi.
Muxtasar aytganda, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan izlanishlar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash va uning farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
R.Soliyev,
“Fan va taraqqiyot” davlat
unitar korxonasi
katta ilmiy xodimi.