Yil sarhisobi va kelgusi ustuvor vazifalar
Jizzax erkin iqtisodiy zonasida o‘tkazilgan xalq deputatlari Sharof Rashidov tumani Kengashining 31-sessiyasida 2021 yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari sarhisob qilinib, 2022 yil uchun ustivor vazifalar belgilab olindi.
Sessiyada tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 2021 yil yakunlari va 2022 yilga mo‘ljallangan istiqbolli rejalar to‘g‘risida fuqarolarga murojaat qildi.
O‘tgan 2020 yilning 29 dekabr kuni Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatga qilingan Murojaatnomada O‘zbekistonimiz yangi o‘n yillikka qadam qo‘ygani e’tirof etilib, mamlakatimizni kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo‘yicha muhim topshiriqlar berilgan edi. Joriy yilda amalga oshirgan ishlarning asosiy tamoyili bo‘lib, Davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlangan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak!” shiori Sharof Rashidov tumani rahbarlari uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tuman fuqarolari uchun qulay va munosib turmush sharoitini yaratish, aholining yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investitsiya muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. 2021 yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” da iqtisodiyot sohasida amalga oshirilgan dasturiy va maqsadli vazifalarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, tumanda makroiqtisodiy barqarorligini ta’minlash va inflyatsiyani jilovlash – iqtisodiy islohotlar jarayonida bosh vazifalardan biri bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz.
Tumanda 2021 yil yanvar-dekabr oylarida quyidagi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishildi. Jumladan, sanoatda 451 milliard 700 million so‘mlik daromad qilinib, bu boradagi ko‘rsatgich 111,4 foizga uddalandi. Iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi 187 milliard 100 million so‘m yoki 103,7 foizga, kapital kuyilmalar 980 milliard so‘m yoki 106 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 trillion 903 milliard 200 million so‘m yoki 107,4 foizga, jami xizmatlar 870 milliard 700 million so‘m yoki 130,8 foizga, chakana savdo 289 milliard 900 million yoki 113,2 foizga bajarildi.
murojaat
Joriy yilda tumanning iqtisodiy salohiyatini yuzaga chiqarish borasida asosiy “Drayver” tarmoqlaridan biri sifatida yengil sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish etib belgilandi. Misol uchun “Jizzax industrial to‘qima” MCHJ yengil sanoat korxonasida mahsulotari “ISO-9001” sifat standartlari asosida ishlab chiqarilmoqda. bugungi kunda “Jizzax industrial to‘qima” MCHJ ishlab chiqarilayotgan ip-kalava va noto‘qima mato mahsulotlari asosan eksportga yo‘naltirilayotir.
Ikkinchi “Drayver” tarmoq – bu qurilish industriyasi sohasi hisoblanib, tarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 344 tani tashkil etadi. 2021 yil yakuni bilan pudrat ishlari hajmi 643 milliard 300 million so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Tumanda 2021 yilda byudjet daromadlari bo‘yicha belgilangan yillik 107 milliard 300 million so‘m bo‘lib, yanvar-noyabr oylari yakuni bilan 157 milliard 600 million so‘mga 58 milliard 400 million so‘m ortig‘i bilan ijrosi ta’minlandi.
Joriy yil dekabr oyi prognoz rejasi 8 milliard 200 million so‘m belgilangan bo‘lib, bugungi kunga byudjetga 6 milliard 100 million so‘m tushum ta’minlandi. Dekabr oy yakuni bilan 10 milliard 100 million so‘mga, rejaga nisbatan 1 milliard 900 million so‘m ko‘p soliq undirilishi ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Tuman mahalliy byudjet daromadlari bo‘yicha tasdiqlangan yillik 64 milliard 300 million so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 33 milliard so‘m orttirib bajarildi. Shundan, 11 oylik reja 58 milliard 700 million so‘m prognoz belgilangan bo‘lib, yanvar-noyabr oylari yakuni bilan 68 milliard 500 million so‘mga yoki 116,7 foizga, ya’ni 9 milliard 800 million so‘m ortig‘i bilan ijrosi ta’minlandi.
O‘tgan yilga nisbatan daromadlar rejasi 24 milliard 600 million so‘mga ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi.
– Hududiy investitsiya dasturi doirasida joriy yilda umumiy qiymati 234 milliard 700 million so‘mlik 39 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish va 467 ta yangi ish o‘rinlari yaratishni oldimizga vazifa qilib belgilagan edik, – dedi tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev. – Jumladan, sanoatda 193 tda 193 ta, qishloq xo‘jaligida 87 ta, xizmat ko‘rsatishda 187 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. O‘tgan davr mobaynida tuman bo‘yicha 22 ta korxona va shuncha loyihalar doirasida 23 million 300 ming AQSH dollarilik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Tumanda 20 ta korxona hisobidan 8 turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirilmokda. bugungi kunga kelib tumanda har kuni o‘rtacha 30-40 ming dollar miqdorida eksport yuklari chet davlatga eksport qilinayotir. Joriy yilning bugungi kunga qadar tuman hududidan jami 6 million 300 ming AQSH dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, sanoatda 4 million AQSH dollarni, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti esa 2 million 200 ming dollarni tashkil etdi.
“Tumanimizda qishloq xo‘jalik meva-sabzavot mahsulotlari eksporti ko‘rsatkichlari bajarilmasligining asosiy sababi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarning kamligi va bugungi kunga qadar ushbu sohani rivojlantirish ishlari yaxshi yulga qo‘yilmaganligi tufaylidir. Bu kamchiligimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishimiz, xatolikni bartaraf etish uchun bor imkoniyatimizni va salohiyatimizni yo‘lga qo‘ymog‘imiz talab etiladi”, dedi tuman hokimi.
Tumanda 2021 yilda “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan jami 2 ming 771 nafar fuqaroga 71 milliard 300 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 1-transh asosida Sharof Rashidov tumanida umumiy qiymati 7 milliard 500 million so‘mlik xizmat ko‘rsatish sohasida 10 ta loyiha amalga oshirilib, ushbu loyihalarda 156 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Joriy yilda tumanda 523 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlar tashkil qilingan bo‘lib, bu 2020 yilga nisbatan 112 foizga ko‘p.
Shuningdek, Sharof Rashidov tumani hokimining hisobot davrida, mehnat muhojirlarni qaytarish borasidagi, markazlashgan investitsiya hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi, issiqlik manbai, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir bilan ta’minlash bo‘yicha, “Yashil maydon” borasida, ichki yo‘llarni ta’mirlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftarlari” bo‘yicha, mahalla fuqarolar yig‘inlarida amalga oshirilgan obodonlashtirish va qurilish ishlari yuzasidan ham atroflicha ma’lumotlar berildi.
2022 yilda mavjud zaxira va imkoniyatlarni to‘liq safarbar etgan holda, tuman iqtisodiyot tarmoqlarining yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturini belgilab oldik. Jumladan, snoatda 485 milliard 100 million so‘mlik yoki 109,7 foiz, pudrat ishlarida 723 milliard 300 million so‘mlik yoki 113,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 2 trillion 410 milliard so‘mlik yoki 103 foiz, jami xizmatlarda 1 milliard 362 million so‘mlik yoki 128,4 foiz o‘sishga erishishni rejalashtirganmiz.
Tumanda kelgusi yil “Obod qishloq” dasturi doirasida “Xayraobod”, “Kattaqishloq” va “Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘inlarida umumiy qiymati 37 milliard 228 million so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshiriladi. Ushbu dastur doirasida 2 ta maktab, 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta sog‘liqni saqlash muassasasida hamda 2 ta mahalla binosini qurish va 1 ta mahalla binosini joriy ta’mirlash ishlariga tuman mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan jami 6 milliard 650 million so‘m mablag‘ ajratiladi.
“Jizzax industrial to‘qima” MCHJ paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan 7 ming 800 gektar yer maydonida klaster usulida har bir gektardan 34 sentnerdan hosil olish orqali jami 26 ming 500 tonna paxta yetishtirish, tumandagi 199 ta fermer xo‘jaligi bilan fyuchers shartnomasini tuzish, 26 ming 500 tonna paxta xom-ashyosi yetishtirish uchun jami 73 milliard so‘mga teng bank krediti jalb qilish, paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan 2022 yilda paxta xom-ashyosini qayta ishlashdan olinadigan daromad 282 milliard so‘mni tashkil etishi rejalashtirildi.
Sessiya kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Sessiya o‘z ishini yakunlagach, Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev hamda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Oshkora, ochiq, shafof va jonli tarzdla o‘tgan muloqotda matbuot anjumani ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA