“Yil o‘qituvchisi” tanlovining uchinchi bosqich natijalari ma’lum bo‘ldi
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining uchinchi bosqich sinov natijalari ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning iyul oyida tanlovning uchinchi bosqich sinovlari yurtimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning ikkinchi bosqich natijalariga ko‘ra saralab olingan 416 nafar talabgor pedagog ishtirok etib, o‘zaro bellashdi. Tanlovning mazkur bosqichida nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati taqdimoti 20 ballik, kitobxonlik darajasi esa test sinovlari asosida 80 ballik tizimda baholandi.
Taqdimot va test sinovlari natijalaridan norozi bo‘lgan nomzodlarning murojaatlari belgilangan tartibda apellyatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan ko‘rib chiqildi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida nomzodlarning baholari o‘zgarishsiz qoldirildi. Tanlovning uchinchi bosqich natijalari pedagoglarning pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlariga yuborilgan.
Tanlov g‘oliblari haqidagi ma’lumotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy kanallari orqali e’lon qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, har bir tuman (shahar) bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘olib pedagoglar bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA