Yigitlar harbiy xizmatga kuzatildi
Mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, harbiy sohani modernizatsiya qilish hamda zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, bugungi kun talablariga javob beradigan va dunyo amaliyoti tajribalariga asoslangan chinakam milliy armiyani shakllantirish, qo‘shinlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Buxoroda chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga kuzatishga bag‘ishlangan tadbir tashkil qilindi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, faollar, ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar milliy armiyaning Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlash, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashdagi o‘rni haqida to‘xtaldi. Muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan yoshlar el-yurt ishonchini oqlaydi, deya ishonch bildirildi.
[gallery-22240]
Shundan so‘ng harbiy qism xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Yigitlik burchini o‘tagani otlangan yigitlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘tgan yili viloyatning 1 400 nafardan ortiq o‘g‘loni Vatan oldidagi o‘z yigitlik burchini o‘tab, yorug‘ yuz bilan uylariga qaytdi. Albatta, bugun ular o‘rnini munosib izdoshlari egallamoqda.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari