Yigitlar harbiy xizmatga kuzatildi
Namangan viloyati mudofaa ishlari boshqarmasida muddatli harbiy xizmatga yo‘l olgan chaqiriluvchilarning navbatdagi guruhi kuzatildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari mas’ullari, mehnat faxriylari, bo‘lajak yurt posbonlarining ota-onalari qatnashdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga muvofiq, viloyatning shahar-tumanlaridan saralangan 500 nafarga yaqin alp o‘g‘lonlar armiya saflariga kuzatildi. Ona Vatanni asrash va uni himoya qilish eng muqaddas burch ekanligi ta’kidlanib, yigitlarga oq yo‘l tilandi.
To‘raqo‘rg‘onlik muallim Yulduz Temirova uch nafar o‘g‘ilning onasi. Tumandagi 22-sonli umumta’lim maktabini tugatgan to‘ng‘ich farzandi Ozodbek Valijonovni harbiy xizmatga jo‘natmoqda. U dilbandining Vatan oldidagi yigitlik burchini sharaf bilan ado etishiga ishonchi komil.
[gallery-6146]
– Yoshim 19da, bugun men uchun unutilmas kun, boisi, bolaligimda qilgan orzuimga yetishib, armiyaga ketayapman, – deydi Norin tumanidan chaqiriluvchi Humoyiddin Yo‘lbarsov. – Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda jismoniy tayyorgarlik va boshqa sinovlardan muvaffiqiyatli o‘tdim. Nasib qilsa, muddatli harbiy xizmatni yorug‘ yuz bilan o‘tash uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.
Marosimda harbiy qismlar xizmatchilarining jangovar ko‘rgazmali chiqishlari hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Kuzatuv tadbirida Yangi Namangan tumani hokimi Jobirxon Abdullayev, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Qosimali Ahmedov, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Elmurod Hojiahmedov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA