YeXHT koordinatori bilan muzokara to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev YeXHTning transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha koordinatori Alena Kupchina bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning YeXHT bilan Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorligining bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.
A.Kupchina O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistondagi holat, jumladan, mamlakatdagi gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun tezkor choralar ko‘rish zarurligi yuzasidan pozitsiyasi va yondashuviga yuksak baho berdi.
Shu bilan birga, Afg‘onistondagi vaziyat oqibatlari bo‘yicha ishlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlardan iborat YeXHT dasturi yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ushbu chora-tadbirlar: chegaradagi xavf-xatarni kamaytirish, hamjamiyatdagi zaiflikni bartaraf etish va barqarorlikni, mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlash uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish singari yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
YeXHT koordinatori mazkur uchrashuv 2 dekabr kuni Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tadigan Tashkilotga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishi arafasida o‘tkazilgani muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati