YeXHT DIIHB direktori O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholadi
Varshavada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Mariya Telalian bilan uchrashdi.
O‘zaro muloqot chog‘ida Ombudsman institutining faoliyati, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan ijobiy natijalar haqida fikr almashildi.

Uchrashuvda Ombudsman instituti faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining ahamiyati, shuningdek, aholining huquqiy xabardorligini oshirish, inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarning dolzarbligi ta’kidlandi.
YeXHT DIIHB direktori Mariya Telalian O‘zbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, mamlakatda inson huquqlarini ta’minlash sohasida erishilayotgan natijalarni e’tirof etdi. Ombudsman faoliyatiga to‘xtalib, institut faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi qonunchilik asoslarining mustahkamlangani hamda inson huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarning oldini olish va jamoatchilik bilan ochiq muloqotni ta’minlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA