YeXHT Bosh kotibi bilan uchrashuv to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Stokgolm shahriga amaliy tashrifi doirasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Helga Shmid bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan YeXHT o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, davlat boshqaruvi samaradorligi va shaffofligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va atrof-muhitni muhofaza qilish, inson huquqini himoya qilish, gender tengligi tamoyilini ilgari surish yo‘nalishlarida konstruktiv muloqotni faollashtirishdan tomonlar birday manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Helga Shmid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkaziladigan Markaziy Osiyoda BMT Global terrorizmga qarshi kurash strategiyasining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada YeXHT tashkilotchilardan biri sifatida ishtirok etishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Afg‘oniston masalasida, jumladan ushbu mamlakatni nizodan keyingi tiklash bo‘yicha Tashkilotning o‘zaro kelishilgan pozitsiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati