Yevropada gaz narxi keskin pasaydi
“Anadolu ajansı” xabar berishicha, AQSH va Eron Yaqin Sharqda vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgach, Yevropada gaz narxi 17,5 foiz arzonlashdi va bugun 43,9 yevroga baholandi. Ko‘hna qit’ada eng yirik savdo hajmiga ega Niderlandiyadagi virtual tabiiy gaz savdo nuqtasi – TTF majmuasida may oyi uchun fyuchers gaz shartnomasi qiymati kecha 53,2 yevro edi.
Bu voqea AQSH Prezidenti Donald Tramp Hurmuz bo‘g‘ozi to‘liq ochilishi sharti asosida Erondan 2 haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik olganini e’lon qilishi ortidan yuz berdi.
Ekspertlar Hurmuz bo‘g‘ozi ochilib, narx pasayishi kuzatilgan esa-da, yo‘lakdan savdo oqimi qisqa muddatda to‘liq tiklanishiga ishonmayapti.
AQSH va Isroilning Eronga hujumi hamda Islom Respublikasining javob choralari ortidan Ko‘rfaz mamlakatlari – Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari gaz ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatgan.
Yiliga 80 million tonna suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqaradigan Qatar global LNG bozoridagi muhim tijoratchi bo‘lib, Yevropa uchun ham asosiy ta’minotchilardan sanaladi.
N.Kayimova, O‘zA