Yevropada “batareya poygasi”: Turkiya yetakchiga aylanmoqda
Yevropa davlatlari qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tishni jadallashtirar ekan, endi asosiy raqobat elektr energiyasini saqlash quvvati atrofida kechmoqda. Yangi tahlillarga ko‘ra, Turkiya batareya infratuzilmasi bo‘yicha Yevropadagi o‘ta jiddiy rejalar tuzgan davlatga aylandi.
Hozirgi ishlab turgan quvvat bo‘yicha Germaniya 2,8 gigavatt bilan birinchi o‘rinda turibdi. Keyin Italiya joylashgan. Yangi qurilish va investitsiya loyihalari hisobga olinganda manzara keskin o‘zgarmoqda.
Tahlilga ko‘ra, Turkiyaning batareya loyihalari portfeli 32,8 gigavattga yetgan. Bu Germaniya, Polsha va Italiya ko‘rsatkichlaridan uch barobar yuqori. Mutaxassislar bunday o‘sish Anqaraning shamol va quyosh energetikasiga integratsiya qilingan saqlash tizimi uchun tarmoq imkoniyatini kengaytirgani bilan izohlamoqda.
Batareya narxi keskin arzonlashishi Yevropa bo‘ylab investitsiyani tezlashtirdi, biroq soha kelajagi texnologiyadan ko‘ra ko‘proq davlat siyosatiga bog‘lanib qolgan. Barqaror qoidalar investor ishonchini oshirsa, siyosiy noaniqlik yirik loyihalarni sekinlashtirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA