Yevropa va Amerikada turizm to‘liq tiklandi
Qolgan mintaqalardachi?
Jiddiy geosiyosiy va iqtisodiy inqirozga qaramay, odamlar sayohat qilishni xush ko‘raveradi. O‘zga yurtlarni tomosha qilish, boshqa mintaqalar hayot tarzi bilan tanishish, osari atiqalar, me’moriy obidalar, muqaddas qadomjolarni ziyorat qilish kishiga o‘zgacha maroq bag‘ishlashi turgan gap. Faqat moliyaviy jihat sayohat qilishga monelik qilmasa bo‘ldi. Qolaversa, turizm dunyodagi ko‘plab mamlakatlar uchun asosiy daromad manbai hisoblanadi. Aholining keng qatlami ushbu sohada ishlab ro‘zg‘or tebratadi. O‘z-o‘zini band qilish esa jamiyat uchun ham, davlat barqarorligi uchun ham muhim.
Afsuski, turizm jadal rivojlanayotgan bir paytda, ya’ni 2019 yil dunyo ahli koronavirus pandemiyasi bilan yuzma-yuz keldi. Turli cheklovlar joriy qilinishi odamlarni to‘rt devor orasiga qamab qo‘ydi. Natijada sayyohlik sohasi jiddiy zarbaga uchradi.
Ko‘rilgan zarar haliyam oxirigacha hisoblab chiqilgani yo‘q. Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) ma’lumotiga ko‘ra, sohadagi yo‘qotish 1.2 trillion dollardan oshishi mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Savdo va taraqqiyot konferensiyasi hisobotiga ko‘ra, turizm sanoati muammosi sabab jahon yalpi ichki mahsuloti 2.8 foizgacha qisqarishi ehtimoli mavjud. Bu jahon iqtisodiyoti uchun 1.17 dan 2.22 trillion dollargacha yo‘qotish, degani.
Hozir pandemiya anchagina orqaga chekingan, albatta. Deyarli butun dunyoda infeksiya bilan bog‘liq cheklov bekor qilingan. Iqtisodiyotning barcha sohalari kabi turizm ham asta-sekin avvalgi holiga qaytmoqda. Faqat vaziyat turli mintaqalarda turlicha rivojlanmoqda.
Yaqinda YUNVTO pandemiya bilan bog‘liq cheklov olib tashlangach, sayyohlik sezilarli ravishda tiklanayotganini ma’lum qildi.
Ma’lumotda aytilishicha, 2022 yilning dastlabki besh oyida 250 million sayyoh davlat chegarasini kesib o‘tgan. O‘tgan yil xuddi shu davrda bor-yo‘g‘i 77 million kishi xorijga chiqqan edi. Ta’kidlanishicha, sektor asta-sekin tiklanib, pandemiyadan oldingi darajaga qaytmoqda. Dunyoning barcha hududlarida xalqaro sayyohlar soni keskin oshmoqda.
“Qiyinchilikka qaramay, turizm dunyoning ko‘plab mamlakatlarida jadal rivojlanmoqda”, deydi UNNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili. Shu bilan birga iqtisodiy va geosiyosiy muammo 2022 yil oxirigacha turizm rivojiga salbiy ta’sir qilishidan xavotir ham bildirilgan.
Qayd etilishicha, turizmni tiklashda Yevropa va Amerika yetakchilik qilmoqda. Yevropa joriy yil 2021 yilning birinchi besh oyidagiga nisbatan to‘rt barobar ko‘p xalqaro sayyoh qabul qildi. Tabiiyki, bunga odamlarning sayohat qilishga talabi keskin oshgani, mamlakatlarda barcha cheklovlar olib tashlangani yordam bermoqda. Masalan, bu yil Amerikaga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar ko‘p kelgan.
“Ushbu holat 2021 yildagi zaif natija bilan bog‘liq”, demoqda ekspertlar. Umuman, har ikki mintaqada ham bu yil sayyohlar oqimi jiddiy oshganiga qaramay, 2019 yildagi darajadan mos ravishda 36 va 40 foiz past. To‘g‘ri, ba’zi yo‘nalishlar 2019 yil darajasidan oshdi. Masalan, AQSHning Virjiniya orollari, Sent-Martin, Moldova Respublikasi, Albaniya, Gonduras va Puerto-Rikoda sayyohlik sanoati pandemiyadan avvalgi holatga qaytgan. Bularning bari pandemiya davrida eng ko‘p zarar ko‘rgan turizm sohasi asta-sekin zarbadan xalos bo‘layotganidan dalolat.
Soha avvalgi yuksalish holatiga qaytishi barobarida turizm xarajati va qabul qiluvchi mamlakat daromadi, qolaversa, turizmga sarf ham ortmoqda. Fransiya, Germaniya, Italiya va AQSHdan kelgan sayyohlarning xalqaro xarajati pandemiyadan oldingi miqdorning 70-85 foiziga yetdi. Hindiston, Saudiya Arabistoni va Qatardan kelayotgan sayyohlar chiqimi esa 2019 yildagi darajadan oshdi.
Umuman, xalqaro turizmdan tushgan daromad bo‘yicha Moldova Respublikasi, Serbiya, Seyshel orollari, Ruminiya, Shimoliy Makedoniya, Sent-Lyusiya, Bosniya va Gersegovina, Albaniya, Pokiston, Sudan, Turkiya, Bangladesh, Salvador, Meksika, Xorvatiya, Portugaliya kabi davlatlar allaqachon pandemiyadan oldingi darajada tiklangan.
Shunga qaramay, jahon turizm industriyasi pandemiyadan avvalgi holatiga qaytishiga biroz vaqt borga o‘xshaydi. Mutaxassislar buning uchun kamida ikki yil kerak, demoqda. Masalan, Yevropa turizm komissiyasi ijrochi direktori Eduardo Santander “RIA Novosti” agentligiga bergan intervyusida “so‘nggi hisobotimiz ko‘rsatdiki, global turizm iqtisodiyotining avvalgi holiga qaytishi uchun yana ikki yil kerak”, dedi.
Dunyoning barcha yo‘nalishlariga sayohat tiklanishi iqtisodiy omillarga, cheklov olib tashlanishi tezligiga, aviatsiya sanoati holatiga, potensial sayohatchining xavf-xatardan qochish darajasiga bog‘liq, deya qo‘shimcha qildi ekspert.
Xullas, turizm asta-sekin bo‘lsa-da, avvalgi holatga qaytmoqda. Buni joriy yil yurtimizga kelayotgan turistlar oqimi keskin oshganida ham ko‘rish mumkin.
Zero, O‘zbekiston diyori osmon o‘par tog‘lari, bepoyon cho‘llari, shaffof suvli ko‘llari, bog‘-rog‘ga burkangan vodiylari bilan yetti iqlimda mashhur. Zaminimizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish ishtiyoqida yurtimizga kelayotgan sayyohlar esa uylariga olam-olam taassurot bilan qaytishi shubhasiz. BMT huzuridagi Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston turizm sanoati eng tez rivojlanayotgan davlatlar reytingida yuqori o‘rinlarni egallayotgani ham fikrimizga dalil bo‘la oladi.
S.Rahimov, O‘zA