Yevropa Ittifoqi Rossiyaga bosimni kuchaytirmoqda
Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitda Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni ilk marta 6 oyga emas, balki bir yil muddatga uzaytirishga kelishib oldi, deb xabar berdi DW nashri
Ma’lum bo‘lishicha, Vengriyaning qarshi chiqmagani sababli bu qaror qabul qilingan. Avvalgi bosh vazir Viktor Orban sanksiyalarni uzaytirish masalasini bir necha bor to‘sib kelgan edi. May oyida lavozimga kirishgan yangi bosh vazir Peter Madyar esa sanksiyalarni qo‘llab-quvvatladi.
Yevropa Ittifoqi Kengashi ushbu qarorni yaqin haftalarda rasman tasdiqlashi kutilmoqda.
Sammitda qabul qilingan Ukraina haqidagi deklaratsiyani YeIning barcha 27 a’zosi ma’qulladi. Hujjatda Yevropa Ittifoqi Rossiyaga bosimni yanada kuchaytirish, uning harbiy iqtisodiyotini zaiflashtirish va Moskvani mazmunli tinchlik muzokaralariga jalb qilish niyatida ekani qayd etilgan.
Shuningdek, Rossiyaning energiya resurslari eksportidan oladigan daromadlarini qisqartirish va sanksiyalar paketini tezroq qabul qilish muhimligi ta’kidlangan.
21-sanksiyalar paketining aniq mazmuni hozircha ma’lum emas. Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, unda Ukrainadagi urushda qatnashgan rossiyalik harbiylarga Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlanishi mumkin.
Yangi paket energetika, moliya, savdo va hatto baliqchilik sohasini ham qamrab olishi kutilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4TGe9SVib2k" title="Yevropa Ittifoqi Rossiyaga bosimni kuchaytirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA