Yevropa ilmiy inqilobining ildizlari Markaziy Osiyoga borib taqaladimi?
Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni nafaqat muayyan mintaqa tarixi, balki insoniyat rivojining muhim qismi sifatida ham qayta o‘rganilmoqda.
Ana shunday muhim ilmiy ishlardan biri - Ispaniyada nashr etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo va Sevilya, Kadis va Valyadolid universitetlari tarixchilarining birgalikdagi yirik ilmiy tadqiqoti - "Un milenio de globalizaciones en el Asia Central. De los albores de la Edad Media a la contemporaneidad" ("Markaziy Osiyoda ming yillik globallashuvlar: Ilk o‘rta asrlardan kunimizgacha") asari hisoblanadi.
Undagi “La senda de la civilización global de Asia Central" ("Markaziy Osiyoning yalpi sivilizatsiyalashuv yo‘li") tahliliy va butunlay yangicha yondashuvlardagi maqolasida akademik Azamat Ziyo bir necha muhim masalalarni ilgari surgan. Xususan, maqolada Turon sivilizatsiyasi insoniyat tarixidagi eng qadimgi rivojlanish markazlaridan biri hisoblanishi keltirilgan. Tahlillarga ko‘ra, bundan 8000-yil avval mintaqada o‘troq hayot tarzi va dehqonchilik paydo bo‘lgan. Keyinchalik esa, sun’iy sug‘orish tizimlari, shaharsozlik madaniyati va davlatchilik an’analari shakllanib, bular butun mintaqa taraqqiyotining asosiga aylangan. Muallifning ta’kidlashicha, eng qadimgi zamonlarda Turondan boshlangan La’l, Lojuvard, Badaxshon, Tuz yo‘llari mamlakatlararo iqtisodiy aloqalar tarmog‘ini shakllantirgan.
Maqolada zardushtiylik, buddaviylik va islom dini sivilizatsiyalari rivojida Turon mintaqasining muhim o‘rin tutgani alohida ta’kidlanadi. Bundan tashqari, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nasaf, Kesh, Termiz, Marv, Farg‘ona, Marg‘ilon va Toshkent shaharlarida yetishib chiqqan matematika, fizika, astronomiya, mexanika, geologiya, geodeziya, kimyo, biologiya, botanika, tibbiyot, dorichilik, falsafa, tarix, adabiyot, san’at sohalarida faoliyat yuritgan yuzlab allomalarning Yevropa ilmiy inqilobi ildizlari ma’lum ma’noda Markaziy Osiyo ilmiy muhiti bilan ham bog‘liq ekani ta’kidlanadi.
Ushbu tadqiqotda XIX asrning ikkinchi yarmida mintaqa Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingani ham keltirib o‘tiladi. Muallif bu davrni Turon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi murakkab bosqichlardan biri sifatida baholaydi. Akademik Azamat Ziyo maqolasini quyidagi ramziy xulosa bilan yakunlaydi: “O‘zbeklarda bir dono maqol bor: oqqan daryo oqaveradi”. Aytish lozimki, Ispaniyada nashr etilgan mazkur tadqiqot nafaqat Markaziy Osiyo tarixi, balki insoniyat sivilizatsiyasi tarixi haqidagi tasavvurlarni ham boyitadi.
O‘zA